O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Xalqaro kinologiya ittifoqining (International Kennel Union) a’zosi bo‘ldi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, “Vatanparvar” tashkilotining kinologiya bo‘yicha murabbiylari hamda xizmatchi itlari so‘nggi yillarda MDH, Osiyo va jahon miqyosida ushbu yo‘nalishda tashkil etilayotgan musobaqalar va ko‘rgazmalarda yuqori o‘rinlarga sazovor bo‘lib kelgan.
Xususan 2022-yilning 15−22-fevral kunlari Rossiya poytaxti Moskva shahrida o‘tkazilgan zotdor itlar bo‘yicha xalqaro ko‘rgazmada “Vatanparvar” tashkiloti kinologlarining zotdor itlari eng yuqori baholarini qo‘lga kiritgan.
Jumladan, ko‘rgazma ekspertlari tomonidan O‘zbekiston delegatsiyasining svergshnautser, veo, biver-yorkshir teryer, pudel toy zotiga mansub itlari toza naslli hamda intellekt jihatdan talabga javob beradi, deya topilib, ularning kinologlariga maxsus sertifikatlar topshirilgan. Itlar uchun belgilangan namunadagi diplomlar taqdim etilgan.
Ma’lumot uchun, “Vatanparvar” tashkiloti, Xalqaro aeronavtika federatsiyasi (FAI), Xalqaro kemamodeli uyushmasi (“Naviga”), Xalqaro triatlon uyushmasi (ITU), Xalqaro biatlon uyushmasi (IBU) hamda Osiyo triatlon konfederatsiyasi (ASTC)ning to‘la huquqli doimiy a’zosi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, “Vatanparvar” tashkiloti 2021-yilning yanvar oyida Mudofaa vazirligi tizimiga o‘tkazilgandi. 2021-yilda “Xalqaro armiya o‘yinlari” doirasida Jazoirda o‘tkazilgan “Sodiq do‘st” musobaqasida o‘zbekistonlik harbiy kinologlar faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
Izoh (0)