Kompyuter va axborot asri bugun avvalgi stereotiplarni tamoman buzdi. Masofadan ishlash imkoni qo‘lida kasb-kori bor-u, biroq ayrim sabablar bilan uyda o‘tirgan mutaxassislarning joniga ora kirdi. Ayniqsa, bola o‘stirib, uy-ro‘zg‘or tashvishi qatorida sevimli ishini ham davom ettirayotgan ayollarga uydan ishlash uchun internet beminnat ko‘makchi. “Daryo” karyerasini biror ishxona-tashkilotda emas, uyida o‘tirib davom ettirayotgan qahramonlar bilan suhbatlashdi. Ulardan oila va ishdagi muvozanatni qanday ushlayotgani haqida so‘radi.

Dildora Rayimjonova, 31 yosh

Ingliz, arab, rus, turk tillarini biladi. Besh yildan beri uydan ishlaydi. Hozirda 10 ta loyihada kopirayter, oltita kompaniyada SMM menejeri sifatida faoliyat yuritadi.

Foto: Dildora Rayimjonovaning shaxsiy arxividan

“Bolangizga qarasangiz-chi! Eringiz ishlasin!”, deganlar ko‘p uchradi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida o‘qiganman. Ingliz va rus tillarini bilganim uchun universitetda turk va arab tillarini ham o‘rgandim. Bakalavrni tugatmasimdan maktab o‘quvchilariga ingliz tilidan dars berdim.

Ana shu paytlarda turmush o‘rtog‘im bilan tanishdik. O‘qishni bitirgan yilimning kuzida to‘yimiz bo‘ldi. Xo‘jayinim ishlamaslik shartini qo‘ydilar. Yosh bo‘lganim, ehtimol, sevganimdan, “Mayli, ishlamasam ishlamabman-da” debman.

Katta xonadonda men bilan o‘n to‘qqiz jon yashardik. Bilmaganimni o‘rgatishdi, xizmatimni o‘rinlatib qilaverdim. Ammo to‘ydan 3-4 oy o‘tib, hadeganda yig‘loqi, ta’sirchan, jizzaki bo‘lib qoldim. Hayotim faqat bir xillikdan iboratdek tuyulaverdi. Ustiga-ustak bo‘yimda ham bo‘lmayotgandi.

Ahvolimni ko‘rgach, turmush o‘rtog‘im ishlashimga ko‘nib, buning uchun o‘quv markazi ham tanlab berdilar. Ingliz va turk tillaridan dars bera boshladim. Haftada uch kun ishlab, qolgan to‘rt kunimni to‘liq oilamga ajratardim. Bu davrda internetdan turli taqinchoqlar yasashni o‘rganib, buyurtmalar ham olib turardim.

To‘ydan keyingi besh yilim uy-ish–ish-uy rejimida o‘tdi. Taqdir ekan, ushbu yillarda ham farzand ko‘rolmadik. Beshinchi yili homilador bo‘ldim. Biroq bachadondan tashqari homiladorlik tashxisi bilan bola va bachadon naylaridan birini olib tashlashdi. Shifokor farzand ko‘rish ehtimoli pastligini aytdi. Shukrki, oilamdagilar biror marta farzandsizligimni yuzimga solmadi. Hatto erimga ajrashaman, boshqasiga uylanavering, deb rozilik bildirsam, “Yashasam, faqat sen bilan yashayman, Yaratgan taqdirimizga yozganini ko‘raveramiz” deb ajrashmaganlar. Alloh bizni kutilmaganda mukofotladi. O‘g‘il farzand ko‘rdik.

Ishlashni to‘xtatdim. O‘g‘lim boshida shish (kista) bilan tug‘ilgani uchun ko‘p yig‘lardi. Unga qarab, o‘zim ham asabiylashar, kuchli charchoqdan ezilardim. Taqdirimdan nolimaslik uchun ham hayotimda biror yangilik kerakka o‘xshadi.

Internetdan fotoshopni o‘rgandim. Juda qiziqib ketganimdan tanish do‘kondorlarga taklifnoma-yu tabriknomalar, shirinlik qog‘oziga turli tilaklar yozib berardim. O‘g‘limni uxlatib, tonggacha ishlab chiqqan paytlarim ham bo‘lardi. Oz bo‘lsa-da, topayotgan daromadimdan quvonar, hayotimga o‘zga bir rang, nur kirgandi.

Shu-shu o‘g‘limning kasali o‘tib ketdi. Ortiq qiynalmadik. Keyin qizim tug‘ildi. Ikki bola bilan taqinchoq, tabriknomalar yasashni ham to‘xtatib qo‘ygandim. Biroq oilaga faqat bir tomondan daromad kelib tursa, qiynalib qolarkansiz. Xo‘jayinimning topganlarini bolalardan orttirolmadim.

Uydan turib ishlashga doimiy yumush topishim kerak edi. Facebook’dagi “Maslahat.uz” guruhiga savol tashladim. Har tarafdan turli javob keldi: “Bolalaringizga qarasangiz-chi! Eringiz ishlasin!”, “Ayol kishiga ishlashni kim qo‘yibdi?” kabi izohlar yozildi.

Tabiatan quvnoq bo‘lganimga bulardan ranjimadim. Til bilarkansiz, daromadingiz ham bo‘ladi, deb SMM’ni o‘rganishni maslahat berishdi. Bir ayol esa shu sohani o‘rgata olishini yozdi.

Unga bog‘lanib, vaziyatimni tushuntirdim. Kursning yarim narxini to‘lab, ishlab pul topgach, qolganini beraman, dedim. Ko‘ndi. Xo‘jayinim ham qarshi bo‘lmadilar. Kurs tugamay, bir kompaniyada kopirayterlik qila boshladim. Oyligimdan orttirib, sohaga oid boshqa kurslar sotib olib, bilimimni yanayam oshirib borardim.

Ishlayotganim faqatgina kam-ko‘stimni to‘ldirish uchun emas…

Bir tarafda oilam, bolalar, boshqa tomonda kompyuter, telefonga qarab yurish anchayin og‘ir. Moliyaviy kam-ko‘stlar hech qachon tugamaydi. Ular bilan ko‘nikib yashash ham mumkin. Maqsadni kattaroq olgandim. Erta-indin bolalarim bog‘cha, maktab, universitetlarga chiqqanda o‘zim o‘qigandagi kabi tizimlarda ta’lim olishini xohlamasdim.

O‘g‘limni xususiy bog‘chaga bermoqchi bo‘ldim. Narxi anchagina qimmatlik qildi. Ko‘proq joyda ishlab, daromadimni ko‘paytirsam, iloji topilar, dedim. Ishim o‘ngidan keldi – biz tanlagan bog‘cha direktori menga SMM mutaxassisi sifatida ish taklif qildi. Tezda rozi bo‘ldim. Kelishuvga ko‘ra, men bog‘chaga pul, ular esa menga oylik to‘lashmaydi. Hozir asosiy e’tiborim qaratilgan ish joyi ham shu bog‘cha. Bolamning ta’limiga sarmoya kirita oldim. Endi ko‘p ishlash va keragidan ortiq pul topish niyatida emasman.

Pul topishga ehtiyoj qolmasa ham, ishimni tashlash niyatim yo‘q. Odam faqat qorin sabab nima bilandir mashg‘ul bo‘lmasligi kerak. Ilmtalab, ammo imkoni yetmayotgan insonlarga hech bir manfaatlarsiz, tekinga turli darslar o‘tish umididaman.

Adolat Sayyibbayeva, 33 yosh Ingliz tili o‘qituvchisi. To‘rt yildan beri repetitorlik qiladi. Ikki farzandning onasi

Asosiy prioritetim — bolalarim

Jahon tillari universitetini bitirganman. Nisbatan kechroq, 29 yoshimda turmushga chiqqanman. Shungacha sakkiz yil Toshkentdagi o‘quv markazlarida ingliz tilidan dars berib yurdim.

Turmush o‘rtog‘im o‘qigan, dunyoqarashi keng inson ekaniga qaramay, ishlashimga unamadilar. Erkaklarga xos rashkdan yoki homiladorligim uchun ehtiyotladilar, shekilli. Ammo ilmga va ilmlilarga hurmati baland qaynotam boshqacha fikrda edi. “Sendagi bilimning ko‘p odamlarga foydasi tegishi kerak!” deb xo‘jayinimni hech bo‘lmaganda uyda qo‘shimcha kurs o‘tishimga ko‘ndirdi.

Ish uchun ertalabki 9:00 — 11:00 hamda tushdan keyingi 14:00 — 16:00 ni tanlaganman. Kun tartibim ham shunga muvofiq rejalangan. Tongda nonushta tayyorlab, hamma ovqatlanib bo‘lgandan keyin uylarni yig‘ishtiraman. Orada o‘g‘limni bog‘chaga, turmush o‘rtog‘imni esa ishga jo‘nataman. Shu bilan soat to‘qqizga yaqinlashib qoladi. Sakkiz oylik qizimni qaynonamga berib o‘zim darsxonamga kirib ketaman.

Darsga tayyorlanishga juda ko‘p vaqtim ketmaydi. O‘qituvchilikda o‘n yillik tajribam bor. Faqat yangi ma’lumotlarni doimiy o‘qib-o‘rganish kerak. Bunga alohida vaqt, sharoit shartmas. Ovqat qilayotganda, supur-sidir yoki boshqa yumush paytida ham ingliz tilida musiqa, she’rlar aytaman, shu tilda o‘ylayman, kursdosh dugonalarim bilan telefonda gaplashaman.

Qarshiliklar bo‘lsa, hammasini vaqt hukmiga tashlagan ma’qul

Ish paytimda imkon qadar meni bezovta qilishmaydi. Bunga o‘rganish hamma uchun qiyin bo‘ldi. Ko‘pincha darsimni boshlab qo‘yganimda meni chaqirib qolishardi. Keyinchalik masalani ko‘ndalang qo‘yib, vaziyatimni tushuntirdim. Agar darsimni o‘tayotganimda chalg‘ib qolsam, birovning haqqi menga o‘tib ketadi. O‘quvchilarimning pulini olib, kelishilgan vaqtda o‘rgatmasam, ishimda unum, baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun menga biror yumush bo‘lsa, darsimdan oldin aytsangiz, tezda qilib qo‘yardim deb har mashg‘ulotlar boshlanishidan avval so‘rab chiqadigan bo‘ldim.

Erkaklar ko‘pincha rashkdan yoki oilaga vaqti qolmaydi, debmi ayolining ishlashiga rozi bo‘lmaydi. Shunday paytlarda barini vaqt hukmiga qo‘yib berish kerak. Farzand dunyoga kelgach, sizning sarishtaligingiz, uy ishlarini eplashingiz ko‘ringanda ikkinchi tarafdagi qarshiliklar ham kamayadi. Avvaliga uydan tashqarida ishlashimga ko‘nmagan turmush o‘rtog‘im endilikda fikrini o‘zgartirgan. Qizimni ham bog‘chaga chiqargach, biror o‘quv markazida faoliyatimni davom ettirmoqchiman. Hozir esa bolalarimga ko‘proq kerakman.

Ayol chalg‘ishi uchun ham ishlashi kerak. Aks holda oilada bo‘ladigan katta-yu kichik muammolar girdobiga tushishi, undan bezib ketishi hech gapmas. O‘zim ham ba’zan darsim bor kunlarni intiq bo‘lib kutaman. Kim bilandir kelisholmay, siqilsam, tezda darsimni boshlayman – hammasi tarqab ketadi. Hatto kayfiyatim boshqachaligidan yaqinlarimning o‘zi: “Bugun darsingiz bormidi?” deb hazillashib qo‘yishadi.

Ayollar ma’lum payt uyda o‘tirishi, karyeradan chekinishi mumkin. Oila–homiladorlik–bolalar–erning yaqinlari–ro‘zg‘or tashvishlari – hammasi bir-biriga zanjirdek bog‘lanib ketaveradi. Farzandlar dunyoga kelgach, jamiyatdan ko‘ra ularga ko‘proq kerak bo‘lasiz. Ana shunday paytlarda shaxsiy rivojlanishdan to‘xtamay, odamlardan uzilmay desangiz, uydan ishlab turish yaxshi tanlovdir.

Zarina Bobojonova, 33 yosh Hisobchi

Foto: Zarina Bobojonovaning shaxsiy arxividan

Hammasini vaqtida to‘g‘ri va o‘rinli tushuntira olish kerak

Moliyaviy imkoniyatim yetmasligini bilgach, ikkinchi kursda o‘qishni tashladim. O‘shanda tuzukroq kasbni tanlay desam, aksar korxona-tashkilot talab qiladigan kompyuter savodxonligim ham yo‘q. Keyin o‘rganish osondir, deb ayollar sartaroshligiga o‘qidim. Ish boshlagach, bu sohaga begonaligimni sezdim va hammasini to‘xtatdim.

Tasodifan bir e’longa ko‘zim tushdi. Hisobchilikka bo‘sh ish o‘rni borligi aytilgandi. Ko‘rsatilgan manzilga bordim. Sohani bilmasligimni aytsam, rahbar: “Kimdir qayerdandir boshlashi kerak-ku. Men olmasam, yana boshqasi ham qaytarsa, qachon o‘rganasiz?”, – deb ish bergan. Tajribali hisobchilar orasida kasb sirlarini o‘rgandim.

Bir necha yildan keyin yordamchilikdan bosh hisobchilikka o‘tdim. Hafta kunlarimni teng taqsimlab, turli firma, kompaniyalardan qo‘shimcha ish ola boshladim. Bir vaqtning o‘zida o‘n ikkitalab firmada faoliyat olib borgan paytlarim bo‘ldi. Lekin charchab qoldim. Firmalar sonini kamaytirdim. Uydan ishlab, biroz dam olish fikri xayolimga keldi. Uyimda kompyuter va boshqa sharoitlarni taxt qilganimda karantin bo‘lib, ofislar yopildi va hamma uydan ishlash rejimiga o‘tdi.

Karantin endi boshlangan payti turmushga chiqdim. Kelinlik xonadonimda ham masofadan ishlashda davom etaverdim. Hisobchilik kompyuter bilan bevosita bog‘liq bo‘lgani uchun soatlab kompyuter qarshisida o‘tirsam, o‘zim xijolat bo‘lardim. Hovlida qaynonam yoki boshqa kimdir yumush bilan band bo‘lsa, o‘zimni xuddi bekorchidek sezib yordamga shoshardim. Ba’zan ular, kelinjon, mana shuni qilib olsak, maylimi, ishingizni kech kirganda qilarsiz, deb chaqirib qolishardi.

Qarasam, ikki tarafni ham eplolmayapman. Keyin uydagilar bilan bu masalada gaplashib oldim. Hisobchilik uydan ishlasa bo‘ladigan boshqa kasblardan biroz murakkabroq. Faoliyatim bank, turli korxona-yu tashkilotlar bilan bog‘liq. Ular odatda 9:00–18:00 oralig‘ida ishlaydi. Biror masalani hal etmoqchi bo‘lsam-u, uning bir uchi bu organlarga taqalsa, ana shu soatlardagina murojaat qila olaman. Ya’ni o‘ta zarur ishlarimni kunduzi bajarishim kerak, kechqurun qilolmayman. Bor dardimni muloyimlik bilan tushuntirdim.

Oilamdagilar hammasini to‘g‘ri tushunishdi. Endi avaylay boshlashdi. Men ham ishonchni oqlay deb professionallikka intila boshladim. Kunlik vazifalarimni o‘ta muhim va ikkinchi darajaliga bo‘lib chiqaman. Peshingacha o‘ta zarurlarini tugataman-da, tushlik tayyorlayman. Keyingilarini ham yana qismlarga ajrataman.

Tig‘iz ish kunlari har doim ham bo‘lavermaydi. Asosan oy oxirida, hisobotlar tayyorlash payti ko‘payadi. Hozir hammasi iziga tushgan. Ammo ishim va uning talablarini oilamdagilarga ancha avval, to‘yimdan keyinroq aytishim kerak ekan, degan xulosadaman. Istalgan munosabatda o‘zingizga nima kerakligini aytmasangiz, ikkinchi taraf buni bilolmasdan muomala qilaveradi. Ham o‘zingiz, ham ularni qiynaganingiz qoladi.

Agar ayollarda uydan ishlash istagi bo‘lsa-yu, dardini aytolmayotgan bo‘lsa, qadamni bugunoq qo‘ying deyman. Shirin so‘z va yaxshi muomala bilan tushuntirsangiz, eringiz, qaynona-qaynotangizni ham ko‘ndirish mumkin. Muhimi vaqtida ayting.

E’zozxon Ismatova, 25 yosh Zamonaviy kasblar o‘qituvchisi, magistrant

Foto: E’zozxon Ismatovaning shaxsiy arxividan

Tug‘uruqdan keyingi depressiya hayotimni o‘zgartirdi

2020-yil mayida o‘qishni tamomlashimga oz qolganda farzandim tug‘ildi. Negadir birdan tushkunlikka tushdim. Hayotdan sovib, o‘zimni jamiyatga keraksizdek his qilardim. Har doim aqliy mehnatda bo‘lgan odam to‘satdan barini to‘xtatsa, esankirab qolarkan.

Universitetda o‘qib yurgan paytim maktabda ingliz tilidan dars ham berardim. O‘qituvchiligimni davom ettiray desam, bolam hali juda kichkina, ko‘zim qiymaydi. Lekin uydan turib bo‘lsa ham nima bilandir mashg‘ul bo‘lishim kerak edi. Shunda onam SMM’ni o‘rgan, dedilar. Turmush o‘rtog‘im, boshqa oila a’zolarim ham bunga qarshi bo‘lishmadi. Kursni boshlaganimda farzandim endigina bir oylik go‘dak edi. Katta qilishda qaynonabuvim yordam berdilar. Darsim ko‘p paytlari xonamga ovqatimniyam keltirib berardilar. “Nevara kelinim hali ko‘p narsaga erishadi”, deb hammani ishontirgan shu inson bo‘ladilar.

Kursni bitirgach, bir kompaniyada kopirayterlik qila boshladim. Yangi ishga moslashib olgungacha uy, ko‘cha-yu bozor, umuman, istalgan joyda yozishim, savollarga javob qaytarishimga to‘g‘ri kelardi. Telefonda biror matnni yozib tursam, uydagilar kelin ko‘p telefon o‘ynarkan, ish qilmasdan faqat telefonga yopishib olgan ekan deb o‘ylashayotgandek tuyulaverdi.

Oilaviy davrada xavotirimni aytdim. Ertaga o‘zim voyaga yetkazayotgan bolaga yaxshi ilmlarni o‘rgata olishim uchun ham shaxsiy rivojlanishim kerak. Boshida ozgina ko‘proq vaqtim ishga ketib qoladi. Ammo bir necha oydan keyin tajriba hosil bo‘lgach, tezligim ham oshadi, faqat mendan ranjimanglar, deb iltimos qildim.

Bugungacha 5 ta agentlikning ellikka yaqin loyihasida kopirayterlik qildim. Ishim nisbatan erkinroq bo‘lgani uchun, oylik rejalarni oldindan tuzib, ma’lum haftalik ishni avvaldan bajarib qo‘yardim. Ertalabki nonushtani tayyorlagach, 10:00 ga qadar uy yumushlarini qilardim-da bir kunlik matnlarimni yozishga o‘tirardim. Bu vaqtda qaynonam qizimni toza havoga sayr uchun olib chiqardilar. Tezda tushlik tayyorlab, hamma ovqatlanib bo‘lgach, farzandimni uxlatardim. U uyg‘ongungacha bo‘lgan ikki soatda yo ishimga oid biror narsa o‘rganar yoki kitob o‘qirdim.

Bir kuni uyda qizim bilan yolg‘iz qoldik. Uyqudan endi turganida ishimdan shoshilinch topshiriq kelib qoldi. O‘sha kuni mehmon chaqirganmiz, tansiqroq taom pishirish harakatidayam edim. Qizimning yoniga o‘yinchoqlarini qo‘ydim, ozgina o‘ynadi-yu bezovtalana boshladi. Shunda upa-eliklarim solingan qutichani yoniga olib keldim-u, to‘kib qo‘ydim. Qarasam, tezda ovundi. O‘zim ovqatga unnab ketdim.

Ovqatni dimlagunimgacha ishimni ham bitirib, kerakli joyga jo‘natib yubordim. Shu payt qaynotam uyga kelib, hol so‘radilar-da qizimning oldiga yo‘l oldilar. Birdan meni chaqirib, “Kelin, bolani nega urasiz?” dedilar. Yugurib xonaga kirsam, yuz-ko‘zlari, bo‘yni qizarib-ko‘karib ketibdi. Chetdan qaraganda birov kaltaklaganga o‘xshardi. Keyin uzr so‘rab, bo‘yoqlarimni o‘ynab, shunaqa qilganini aytdim. Shunda qaynotam, agar bola yana bir marta qarovsiz qolsa, hammasini yig‘ishtirasiz deb dakki berdilar. Ana shundan beri o‘ta ehtiyotkorlik bilan ishlaydigan, reja qiladigan bo‘lganman.

Hozir esa to‘plagan tajribam, o‘rgangan va o‘rganayotganlarimga asoslanib kopirayterlikka tayyorlov kursini o‘tyapman. Qizim bog‘chaga chiqqan. Kun tartibim ancha bemalol. Darslarni kechki 20:00–21:00 oralig‘ida Zoom platformasida o‘taman. Kunduzi uy yumushlaridan bo‘shaganimda o‘quvchilarimning vazifalarini tekshirib olaman. Orada videodarslar ham tayyorlayman. Shu paytgacha elikka yaqin o‘quvchini o‘qitdim.

Bir paytning o‘zida ingliz tili va adabiyoti yo‘nalishida magistraturaning ikkinchi bosqichida o‘qiyapman. Ayol uchun oilasining qo‘llab-quvvatlovi eng katta yutuq ekan. Ularsiz hech biriga erisholmasdim. Magistraturani bitirgach, universitetda pedagoglik qilish niyatim bor. Uydan ishlab o‘tkazgan ikki yilim, menga shaxsiy rivojlanish, ko‘p kitob o‘qish, oilam bilan vaqt o‘tkazib, ularga ko‘nikish imkonini berdi.

Ishda ham variantlar bo‘lgani yaxshi. Kelish-ketish vaqti emas, natija asosiy rolga chiqarilib, ham uydan, ham ishxonadan faoliyat olib borish mumkin bo‘lsa, ayni muddao. Ayollar oilasini ham, ishini ham o‘rniga qo‘yishi uchun juda katta imkoniyat bo‘lardi.

Muallif:Ziyoda Ramazonova