Shimoliy Koreya harbiylari yaqin masofaga mo‘ljallangan ikkita ballistik raketani uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreya harbiylari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga tayanib, Yonhap agentligi xabar berdi.
Raketalar sharqiy yo‘nalish bo‘yicha uchirilgan va taxminan 380 kilometrdan so‘ng qulagan. Ularning maksimal tezligi tovush tezligidan besh barobar ortiq bo‘lgani aytilmoqda.
Agentlikning ta’kidlashicha, bu KXDR tomonidan yanvar oyining o‘zida uchirilgan to‘rtinchi raketalar seriyasi hisoblanadi. Yanvar oyida Pxenyan sinovlar haqida, xususan, gipertovushli raketalar sinovi haqida ma’lum qilgandi.
Avvalroq 17-yanvar kuni Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon noma’lum snaryadni uchirgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Kyodo agentligi Yaponiyaning Sohil xizmatiga tayanib, snaryad ballistik raketa bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.
Yanvar o‘rtalarida Shimoliy Koreya AQSh Pxenyanga nisbatan yangi sanksiyalarni joriy etgach, “yanada kuchli va aniq javob” qaytarishga majbur bo‘lishi haqida ogohlantirgandi. “Agarda AQSh shu kabi kontrfrontal pozitsiyani egallashni davom etsa, KXDR bunga yanada kuchli va aniq javob qaytarishga majbur bo‘ladi”, — deyiladi Shimoliy Koreya TIV vakilining bayonotida.
Mavzuga doir:
Izoh (0)