Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidan o‘tgan M-39 avtomobil yo‘lining Taxtaqoracha dovoni 26-dekabr kuni soat 11:00 dan vaqtincha yopilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. IIV YHXBBning ma’lum qilishicha, hozirda tegishli choralar ko‘rilib, dovondagi avtomobil yo‘li qordan tozalangan.
Ta’kidlanishicha, ayni vaqtlarda dovon yo‘lida transport vositalarining harakatlanishi uchun ruxsat berilgan.
“Barcha haydovchilardan tezlik me’yorini oshirmasdan, oraliq masofani saqlab harakatlanishlarini so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq “O‘zgidromet” 26—27-dekabrda A-373 Toshkent—O‘sh avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni qismida qor, vaqti-vaqti bilan kuchli qor yog‘ishi, tuman tushib, ko‘rinuvchanlik 50 metrgacha pasayishi, shamol tezligi sekundiga 17-22 metrgacha kuchayishi, yo‘lda qor uyumlari, yaxvonlik hosil bo‘lishi kutilayotganini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryo va Samarqandni bog‘lovchi Taxtaqoracha dovoni qalin qor yog‘gani sabab 13-dekabr kuni ham yopilib, 14-dekabrda dovonda avtomobillar harakati qayta tiklangandi.
Izoh (0)