“Manchester Yunayted” klubi bosh murabbiyi Ole-Gunnar Sulsher iste’foga chiqarildi. Bu haqda ingliz klubi matbuot xizmati rasman ma’lum qildi.
Klubni keyingi o‘yinga yordamchi murabbiy Maykl Kerrik boshlab tushadi. Jamoa mavsum oxirigacha vaqtinchalik murabbiy topishni maqsad qilgan.
Norvegiyalik mutaxassis 2018-yilning dekabrida jamoani qabul qilib olgandi. Mazkur vaqt ichida “Manchester Yunayted” birorta sovringa ega chiqolmadi.
“Manchester Yunayted”ning Sulsher davridagi eng yaxshi natijalari 2020/21-yilgi mavsumda qayd etilgandi. O‘shanda jamoa APLda ikkinchi o‘rinni olgan, Yevropa Ligasida esa finalga qadar yetib borgandi.
Mankunianlar Premyer Liganing joriy mavsumida 12-turdan keyin 17 ochko to‘plagan holda 7-o‘rinda bormoqda. Jamoa chempionat doirasidagi so‘nggi 7 o‘yinning beshtasida mag‘lub bo‘ldi.
Xabarlarga ko‘ra, “Yunayted” Sulsherga 7,5 million funt miqdorida kompensatsiya to‘laydi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)