Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Xonanda Jahongir Otajonovning siyosat maydoniga kirib, O‘zbekiston prezidentligi saylovida o‘z nomzodini ilgari surishi haqidagi qarori qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Aslida, san’at sohasi vakillarining siyosatda ham faoliyat yuritishi yangilik emas. Masalan, Sherali Jo‘rayev, Yulduz Usmonova, Muyassar Razzoqova kabi san’atkorlar bir paytlar parlament deputatligiga saylanib, ma’lum muddat siyosatchilar kursisida o‘tirgan. Bugungi kunda ham o‘zbek shou-biznesi vakillari orasida deputat maqomiga ega taniqli insonlarni uchratish mumkin. “Daryo” ularni bir sahifaga jamladi.

Shohrux reper

Rep yo‘nalishidagi taronalari bilan minglab yoshlarning sevimli xonandasiga aylangan taniqli qo‘shiqchi Shohrux Shodmonov ham deputat.

Foto: Instagram

Foto: Instagram

U O‘zLiDePdan xalq deputatlari Chilonzor tumani kengashiga deputat etib saylangan. Xonanda ikki yil oldin Instagram sahifasi orqali deputat bo‘lganligi haqida yozarkan, xususan, shunday degandi:

“Aziz hamyurtlar! Mana, sizlarning ovozlaringiz bilan Toshkent shahar Chilonzor tumani kengashiga xalq deputati bo‘lib saylandim! Mendan balandparvoz gaplar kutmang, mening fikrimcha, har bir deputat saylangan hududida bor muammolar bilan maksimal ishlash kerak, xalq esa baho beradi. Barchangizdan minnatdorman! Ishonchingiz uchun rahmat!”.

Shohrux ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali deputat sifatida turli siyosiy tadbirlarda tushgan suratlarini tez-tez joylaydi. Bundan tashqari, uning aralashuvi bilan yechimini topgan saylovchilarning muammolarini ham ba’zan yoritib boradi.

Bastakor Oydin Abdullayeva

2019-yilda o‘tkazilgan saylovlarda taniqli bastakor va tanqidchi, musiqashunos o‘qituvchi Oydin Abdullayevaning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga 141-“Temiryo‘lchi” saylov okrugidan ko‘rsatilgan va deputat etib saylangan.

Foto: Instagram

Foto: Instagram

Professor ilmiy unvoniga ega bastakor 2019-yilgacha O‘zbekiston davlat konservatoriyasining “Bastakorlik va cholg‘ulashtirish” kafedrasida ishlash bilan birga, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati ham bo‘lgan.

“Adolat” SDPdan nomzodi ko‘rsatilib, deputatlikka saylangan Oydin Abdullayeva hozirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosidir.

Aktyor Yoqub Ahmedov

“O‘gay ona”, “Turist”, “Salom sevgi, xayr sevgi”, “Zaharli tomchilar” kabi o‘nlab kino va seriallar orqali aktyor sifatida tanilgan Yoqub Ahmedov ikki yil avval xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputatligiga saylangan.

Foto: Instagram

Foto: Instagram

Uning nomzodi “Vodiy avtotex servis” MChJ, Coliseum plus va “Doktor A” MChJ ta’sischisi sifatida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan deputatlikka ko‘rsatilgan.

37 yashar aktyor 2021-yil 10-yanvarda Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashi deputati etib saylangan.

Ma’lumot uchun, Yoqub Ahmedov taniqli futbolchi Odil Ahmedovning akasi hisoblanadi.

Toshpo‘lat Matkarimov

90-yillarda “Sanamjon”, “Armon”, “Oq tulpor” kabi qo‘shiqlari bilan shuhrat qozongan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Toshpo‘lat Matkarimov ham ikki yildirki deputatlik kursisida.

Foto: Instagram

Foto: Instagram

Uning nomzodi O‘zMTDPdan ko‘rsatilgan va 38-“Telov” saylov okrugidan Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi deputatligiga saylangan.

Toshpo‘lat Matkarimov hozirda Ohangaron shahridagi “Qurama” folklor-etnografik xalq ansambli rahbari sifatida ham mehnat qilmoqda.

Mirolim Isajonov tayyorladi

Izoh
Asosiy yangiliklar
Maslahatlar
Qishda kasal bo‘lmaslikning sinalgan 5 ta usuli
Mahalliy
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” boshqaruvi raisi va yana 3 mas’ulga hayfsan berildi
Dunyo
“Rossiya bahorda yangi hujum boshlash uchun Ukrainadagi urushni muzlatmoqchi” — Stoltenberg