Ba’zi aktyorlar yillar davomida erisholmagan natijani ayrim debyutant ijrochilar birgina roli bilan qo‘lga kiritadi. Shu boisdan ular san’atni tark etgan yoki ijodiy tanaffus qilgan taqdirda ham, tomoshabinlar yodidan ko‘tarilmaydi. Quyida film va seriallardagi birgina obrazi bilan tanilib, keyin ko‘rinmay qolgan ijodkorlar haqida so‘z yuritamiz.

Lobar Polvonova — “Muhabbat sinovlari”dagi Ruxshona

Foto: “Muhabbat sinovlari” filmidan lavha

“Muhabbat sinovlari” filmidagi Ruxshona roli bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan Lobar Polvonova negadir aktrisalik faoliyatini davom ettirishni istamadi. So‘nggi rolini 2006-yili “Hayot mamot” filmida ijro etdi. U 2005-yildan buyon Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida liboslar bo‘yicha rassom bo‘lib ishlab kelmoqda. O‘tgan yili  “Alisher Navoiy” spektakli va “Faust” operasi uchun yaratgan liboslari tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Foto: Lobar Polvonovaning shaxsiy arxividan.

Negadir u omma e’tiborida bo‘lish va aktrisalik faoliyati haqida intervyu berishni istamaydi. Shaxsiy hayoti bilan bog‘liq ma’lumotlarni ham sir saqlaydi.

Navro‘za Biynazova — “Shaytanat”dagi Asadbekning qizi

Foto: “Shaytanat” serialidan lavha

U televideniyedagi faoliyatini 26 yil avval boshlagan. Bir necha yil televideniyeda muharrir sifatida faoliyat yuritib, qator ko‘rsatuv va filmlarning yaratilishiga o‘z hissasini qo‘shgan. Ilk rolini esa 1997-yili “Men xohlayman” hujjatli filmida ijro etgan. 1999-yili esa uni “Shaytanat” serialiga taklif etishgan. Ba’zi sabablarga ko‘ra, aktrisa serialning 6 qismidan rol ijro etmagan.

Foto: Navro‘za Biynazovaning shaxsiy arxividan

Navro‘za Biynazova muallifligi va rejissorligidagi filmlar Nyu-York (“Chegara”. 2004-yil) va Boku (“Ko‘rgilik” 2005-yil) festivallarida ishtirok etgan. Sentabr oyida rejissorligidagi  “O‘zbekning Zulfiyasiman” nomli hujjatli film premyerasi o‘tkazildi. Mazkur film shoira Zulfiyaxonim Isroilova hayotiga bag‘ishlangan.

Omon Burhon — “Shaytanat”dagi tergovchi

Foto: “Shaytanat” serialidan lavha

Aslida, Omon Burhonning aktyor bo‘lishiga hech kim shubha qilmasdi. Chunki u O‘zbekiston xalq artisti Shukur Burhonning jiyani, o‘zbek televideniye asoschilaridan biri bo‘lgan Ubay Burhonning farzandi hisoblanadi. U ilk rolini 1969-yili suratga olingan “Keksa ustozning ahdnomasi” nomli 4 qismli filmda ijro etgan. Undan so‘ng 1975-yili suratga olingan “Poyga mashinalaridan qo‘rqmas bolalar” filmida suratga tushgan. Ammo u aktyor bo‘lishni istamadi va hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining Sharqshunoslik fakultetiga hujjat topshirib, arabshunoslik bo‘yicha tahsil oldi. 1998-yili rejissor Jahongir Qosimov “Shaytanat” serialidagi Zohid roliga taklif etdi. Omon Burhon rahbariyat topshirig‘i sabab serialda rol ijro etishga majbur bo‘lgan.

Foto: Omon Burhon shaxsiy arxividan

— Aslida, serialdan Zohidning chetlashishi ham qiziq kechgan. U paytda Prezident administratsiyasidagi  faoliyatim sabab ekranda ko‘rinishim va asosiy vaqtimni suratga olish ishlariga sarflashim mumkin emasdi. Vaziyatni Yodgor Sa’diyevga tushuntirganimda ssenariyni o‘zgartirishga majbur bo‘lgan va Zohidni malaka oshirish uchun xorijga jo‘natib yuborishgan, — deydi Omon Burhon. Ayni kunda u “Oilaviy” telekanalining rahbari sifatida faoliyat yuritadi.

Ziyoda Hudoyqulova — “Tubanlik” filmidagi Dilroz

Foto: “Tubanlik” filmidan lavha

Asli farmatsevtika sohasida tahsil olgan Ziyoda Hudoyqulova kichik tasodif sabab kino olamiga kirib qolgan. Rejissor Hilol Nasimov Lola Eltoyevaga o‘xshashligi sabab uni “Tubanlik” filmiga taklif etgan. Film katta muhokamalarga sabab bo‘ldi va aktrisaga ikkinchi filmda ham rol ijro etish baxti nasib etdi. U Alisher Uzoqovning “Kuzda gullagan daraxt” filmida suratga tushdi.

Foto: Ziyoda Xudoyqulovaning shaxsiy arxividan

Bundan tashqari, u Shahzodaning “Shunchaki”, “Men o‘sha”, Oybek va Nigoraning “Xavotirdaman” kliplarida ham suratga tushgan. Oilali bo‘lgach, san’atni butunlay tark etdi, ayni damda o‘g‘li Muhammadalining tarbiyasi bilan band.

Bonu Nur — “Snayper” filmidagi maxsus xizmat xodimi Nargiza

Foto: “Snayper” filmidan lavha

O‘n ikki yoshida san’at olamiga kirib kelgan Bonu Nur bir nechta xorazmlik ijodkorlarning klipida suratga tushgan. To‘ylarda boshlovchilik qilib yurganida Xorazmdagi telekanallardan biri uni teleboshlovchilikka taklif etgan. Bir necha yil boshlovchilik qilgan Bonu Nur oilali bo‘lib, Toshkentga ko‘chib kelgan. Kutilmaganda unga  “Snayper” filmida suratga tushish taklifi berildi. Filmning ilk sahnalari olingan paytda u homilador bo‘lgan.

Foto: Bonu Nurning shaxsiy arxividan

Bonu Nurning Nasiba ismli qizchasi bor, ayni kunlarda u aktrisalik faoliyatini yakunlab, o‘zini oilasiga bag‘ishlagan. U Instagram’da “Bonu nur oshxonasi” blogini yuritadi.

Nargiza Sharmetova (Ro‘ziboyeva) — “Opa singillar” serialidagi Nasiba

Foto: “Opa-singillar” serialidan lavha

34 yoshli aktrisa asli Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida tug‘ilgan. 2010-yili O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabasi bo‘lgan. Talabalik chog‘idan teleseriallarda suratga tushgan. Unga “Opa-singillar” serialidagi Nasiba roli mashhurlik olib kelgan. Bir necha yildan keyin Sardor Komilov prodyuserligida Narmin taxallusi ostida xonandalik faoliyatini boshlagan. “Kechmas” nomli qo‘shig‘iga klip suratga olgach, prodyusserlik shartnomasi bekor qilingan.

Foto: Nargiza Sharmetovaning shaxsiy arxividan

Aktrisa rejissor Ulug‘bek Sharmetov bilan oila qurgach, biroz ijodiy tanaffus qilishga qaror qildi. Ayni damda uning bir yoshli Yasinbek ismli o‘g‘li bor.

Muallif:Nargizaxon Murodova