Shimoliy Koreya Yonben uyezdidagi plutoniy ishlab chiqarish reaktorini qayta ishga tushirgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (IAEA)ning yillik hisobotiga asoslanib, The Wall Street Journal xabar berdi. Reaktorni qayta ishga tushirish mamlakatga yadro qurollari arsenalini kengaytirishga yordam berishi mumkin.
“Iyul oyining boshidan beri reaktorning ishga tushganidan dalolat beruvchi alomatlar, jumladan, sovituvchi suyuqlikning oqizib yuborilishi kuzatildi”, — deyiladi hisobotda.
Mualliflarning ta’kidlashicha, reaktor 2018-yilning dekabridan 2021-yilning iyuligacha harakatsiz bo‘lgan.
Bunga parallel ravishda, KXDR reaktorda avval ishlatilib, so‘ng chiqarib tashlangan yoqilg‘idan plutoniyni ajratib olish uchun reaktor yonidagi laboratoriyadan foydalanmoqda. Bunday tadbirlar Shimoliy Koreyaga yangi yadroviy qurol ishlab chiqarishga yordam berishi mumkin, deydi ekspertlar.
Hisobotda agentlik ushbu hodisalardan xavotir bildirgan va ularni BMT Xavfsizlik kengashi qarorlarini buzish deb atagan.
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In 2018-yilning sentabrida Yonbendagi yadroviy reaktorni yopishga va’da bergandi. Bungacha reaktor bir necha bor to‘xtatilib, qayta ishga tushirilgan. Oxirgi marta Shimoliy Koreya hukumati uni 2013-yilda ishga tushirgan. Reaktor 5 MVt quvvatga ega, uning yordamida uranni yadroviy kallaklarni yaratishga imkon beradigan darajada boyitish mumkin.
Izoh (0)