Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi O‘zbekistonda aniqlangan koronavirus infeksiyasi holatlarini o‘rganish natijalarini e’lon qildi, deb xabar beradi vazirlik axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, koronavirus holatlari ulushining 82 foizini delta shtammi tashkil etadi. Bu butun kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni alfa (10,3 foiz) va 20A (7,7 foiz) shtammlari egallagan.
Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori Shahloxon Turdiqulova e’lon qilingan ma’lumotlarga izoh berishicha, so‘nggi haftalarda koronavirusning delta varianti umumiy kasallanishlar sonining beshdan to‘rt qismidan oshgan.
“‘Hindcha’ shtamm deb nomlanuvchi virus turi Uxan va Britaniya versiyalariga qaraganda ko‘pincha kasallikning og‘ir shakllariga olib kelishi xavotirga soladi. Bu umuman epidemiologik manzarani tubdan o‘zgartiradi: afsuski, simptomsiz holatlar kamroq uchramoqda va inkubatsiya davri qisqarib, sog‘liq uchun jiddiy oqibatlar xavfini kuchaytiradi. Biroq yaxshi yangiliklar ham bor: tadqiqotlarimiz shuni tasdiqlaydiki, hozirgi vaksinalar yangi shtammlarga qarshi samarali”, — deydi u.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yil 30-yanvar kuni koronavirusning “britancha” shtammi O‘zbekistonga kirib kelgani ma’lum bo‘lgandi. 24-iyunda esa mamlakatda koronavirusning “hindcha” shtammi aniqlangandi.
Izoh (0)