Shavkat Mirziyoyev hududlar iqtisodiyoti, aholi turmush sharoitlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyatiga jo‘nab ketdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki kunlik amaliy tashrif davomida energetika, agrosanoat, savdo va qishloq xo‘jaligi loyihalari salohiyati bilan tanishish, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirish rejalashtirilgan.
“Anorchilik va ipakchilik Surxondaryo viloyati iqtisodiyotining ‘drayveri’ga aylanib bormoqda. Safar dasturida ushbu tarmoqlar rivojiga alohida ahamiyat qaratilgan”, — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, davlat rahbari ushbu viloyatga so‘nggi marta 2019-yilning oktabrida borgan edi. O‘shanda Prezident viloyatga tashrifini, an’anaga ko‘ra, Hakim at-Termiziy maqbarasi ziyoratidan boshlagan. Shavkat Mirziyoyev Angor tumanidagi “Angor Surxon g‘ururi” paxta-to‘qimachilik klasteri dalasida paxta hosilini ko‘zdan kechirgandi, Denov tumanidagi Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli harbiy qismda bo‘lib, harbiy qismdagi sharoitlar bilan tanishgan edi.
Izoh (0)