YouTube’dagi WoodWorking Art kanalining vyetnamlik muallifi yog‘och bo‘lagidan Lamborghini Aventador S nusxasini yasadi. O‘yinchoq modelning “podveska”si ishlaydi, eshiklari, kapot va yukxonasi ochiladi, saloni, g‘ildirak diskalari va yorug‘lik texnikalari mayda detallariga qadar ishlangan, deb xabar beradi Motor.
Duradgor bloger bir necha soatlik mehnati mahsulini 11 daqiqali videorolikka joylashtirgan bo‘lib, u mashinani yasashda 1:13 masshtabga rioya qilishga uringan.
Usta o‘zining o‘yinchoq modelini yaratishda oddiy duradgorlik uskunalari — frezali stanok, drel, silliqlovchi mashina va iskanadan foydalangan. Shu sababli yog‘och superkar plastmassa modeldan qaysidir darajada ortda qoladi, ammo blogerning mayda ehtiyot qismlarga bo‘lgan e’tibori hayratlanarli. Yangi model chiroyli ko‘rinish kasb etishi uchun lak va bo‘yoqlarga bo‘yalgan.
Avvalroq vyetnamlik usta 1:13 masshtabda yog‘ochdan yaratilgan o‘zining so‘nggi ishi — Ford Ranger Raptor modelini sotuvga qo‘ygani to‘g‘risida xabar berilgandi. U pikapni yaratishga 35 kun sarflagan va uni 2 ming dollarga sotishga tayyorligini bildirgan.
Izoh (0)