Tojikiston terma jamoasi bosh murabbiyi Usmon Toshev “Buxoro” futbol klubi bosh direktori etib tayinlandi. Bu haqda klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Buxoro” klubi qarorgohida 10-may kuni o‘tkazilgan navbatdan tashqari yig‘ilishda Toshev jamoaning bosh direktori lavozimiga tayinlangan.
Usmon Toshev ayni vaqtda Tojikiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi hisoblanadi. Uning bu lavozimni tark etgani haqida hozircha rasman ma’lum qilinmagan.
Ma’lumot uchun, Toshev murabbiylik faoliyati davomida “Buxoro”, “Nasaf”, “Sho‘rtan”, “Spartak Toshkent”, “Atalan” (Afg‘oniston), “Andijon”, “Tufan Xerirud” (Afg‘oniston) kabi klublarni boshqargan. Shuningdek, u O‘zbekiston milliy terma jamoasida yordamchi murabbiy, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasida bosh murabbiy sifatida ishlagan. Toshev 2018-yildan buyon Tojikiston milliy va Olimpiya terma jamoalari bosh murabbiyi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida “Buxoro” klubi bosh murabbiyi sifatida Jamshid Saidov o‘rniga Davron Fayziyev tayinlangan edi. Aprel oyi yakunida Fayziyev iste’foga chiqarilib, uning o‘rnida yordamchi murabbiy Anvar Berdiyev bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi sifatida ish boshladi. Klub Pro-Liga 6-turidan keyin 10 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)