Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida o‘z xonadonida qimor o‘ynayotgan ota-bola hamda ularning sheriklari qo‘lga olindi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, Qiziriq tumanidagi “Zarobod” mahallasida 2021-yil 23-mart kuni soat 01:30 da fuqaro R.O‘.ning yashash xonadonida o‘zi va uch nafar sherigi pul evaziga qimor o‘ynab o‘tirgani aniqlangan.
Voqea joyi ko‘zdan kechirilib, voqea ishtirokchilari ashyoviy dalillar bilan tuman IIB bo‘limiga olib kelingan. O‘sha kuni tungi soat 03:30 larda ota IIB xodimiga 1 million 400 ming so‘m pora taklif qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish ochilgan, tergov harakatlari davom etmoqda.
Bundan avval Navoiyda ijara uyini qimorxonaga aylantirgan shaxs qo‘lga olingani, Qo‘yliqdagi oshxonada noqonuniy lotereya o‘yini tashkil qilgan shaxslar aniqlangani hamda Farg‘onada bukmekerlik idoralarining reklama bannerlari olib tashlangani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)