Bugun, 1-aprel kuni Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 5-son oilaviy poliklinikada ham aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari boshlandi. Bu yerga birinchi emlash bosqichi uchun COVAX jamg‘armasi tomonidan olib kelingan AstraZeneca vaksinasidan 420 doza, O‘zbekiston–Xitoy hamkorligida ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasidan 1000 doza ajratilgan. “Daryo” muxbiri Madina Nurman ushbu tibbiyot maskanidan reportaj tayyorladi.
Poliklinikaga kirishda tashrif buyuruvchilar 1 nafar tibbiyot xodimidan iborat filtrdan o‘tadi. Bu yerda keluvchining ism-sharifi, yashash manzili va boshqa zaruriy ma’lumotlar olinib, tana harorati tekshiriladi va antiseptik bilan qo‘llariga ishlov beriladi. Shundan so‘ng poliklinikada tashkil etilgan emlash punktiga yo‘naltiriladi.
Emlash punkti ro‘yxatga olish, shifokor ko‘rigi xonasi va emlash xonasi, shuningdek, koridordagi o‘rindiqlardan iborat 30 daqiqalik nazorat hududidan iborat. Emlash xonasida vaksinalarni saqlash uchun ajratilgan maxsus sovitkich, dezinfeksiyaga mo‘ljallangan kvarts lampasi, antiseptiklar, emlash uchun kerakli tibbiy anjomlar mavjud. Emlanuvchilar AstraZeneca hamda ZF-UZ-VAC 2001 vaksinalaridan birini tanlashlari mumkin.
Birinchi bosqichda 65 yoshdan katta bo‘lgan fuqarolar hamda tibbiyot xodimlari emlanmoqda.
Vaksina olgandan so‘ng, anafilaktik shok kuzatilgan taqdirda zarur bo‘ladigan dori-darmon, birinchi tez yordam vositalari hozirlab qo‘yilgan.
Bizda 2488 nafar 65 yoshdan yuqori shaxslar, 1170 nafar 18-64 yosh oralig‘idagilar, shuningdek, umumiy hisobda 538 nafar tibbiyot xodimlari, 250 nafar maktab o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 159 nafar xodimlari emlanishi ko‘zda tutilmoqda.Vaksina kasallanishdan yuz foiz himoya qiladi, deb aytish qiyin. Biroq u kasallikning yengil o‘tishi, asoratlari qolishining oldini olishni ta’minlaydi. Barchani birdek emlashga qamrab olish mushkulligi sabab buni bosqichma-bosqich amalga oshirmoqdamiz.
Biz emlanuvchilarni turli vaqtga chaqirgan holda ijtimoiy masofa saqlanishiga erishmoqchimiz. Shu sabab bugun 50 nafar odam emlansa, qo‘ng‘iroq qilib ularga vaqt belgilangan. Mahallabay ishlagan holda hamma kerakli ma’lumotlarni mahallalarga berganmiz, har bir hudud shifokorlari xabardor etilgan, ular o‘ziga biriktirilgan hududdagi emlanuvchilarni aytilgan vaqtga chaqiradi, e’lonlar peshtoqiga barcha ma’lumot yozilgan.
Mustaqil yura olmaydigan, uyidan chiqa olmaydigan qariyalarimiz, joylardagi shifoxona xodimlari uchun umumiy hisobda 15 nafar tibbiyot xodimlaridan iborat 2 ta mobil brigada ajratilgan. Masalan, bizning hududda 6-tug‘uruqxona joylashgan. Ertaga ularning tibbiyot xodimlarini emlash uchun bitta maxsus brigada boradi.
Nargiza Mirbabayeva, 5-son oilaviy poliklinika bosh shifokori
Ertalab 09:00 dan boshlab emlanish istagida kelganlar birma-bir o‘zlarining ambulator kartalari bilan menga uchraydi. Men ularning qon bosimi, umumiy ahvoli, shikoyatlari, kasalliklari tarixi, allergik yoki nasliy kasalliklari bor, yo‘qligini ko‘rikdan to‘liq o‘tkazib, shundan so‘ng emlashga tavsiya etilishi yoki etilmasligi borasida qaror qabul qilaman. Hamshira shundan keyin uni ro‘yxatga oladi va emlash xonasiga olib kiriladi. Emlangandan so‘ng tashrif buyuruvchi yarim soat nazoratimizda o‘tiradi. Agar biror salbiy belgilar kuzatilmasa, bu yerni tark etadi. Keluvchilarda agar surunkali kasalliklari xuruj davri, allergik reaksiyalar bo‘lsa, bu holda emlanishga tavsiya etilmaydi va qaytariladi. Xuruj davri o‘tgach, ko‘rsatkichlari me’yorida bo‘lsa, doimiy shifokori tavsiyasidan so‘ng emlashga ruxsat etilishi mumkin. Xitoy-o‘zbek vaksinasi uch, AstraZeneca vaksinasi esa 21−28 kun oralig‘ida ikki marta qilinadi. Odamlar ikki xil vaksinani ham tanlashmoqda, ya’ni bu borada ko‘rsatkichlar hozircha 50/50.Nasimjon Xo‘jamov, 5-son oilaviy poliklinika terapevt shifokori.
Men va 65 yoshli rafiqam AstraZeneca vaksinasi bilan emlandik, ko‘rsatgan xizmatlari uchun barcha tibbiyot xodimlariga rahmat. Aynan ushbu vaksinani tanlaganimning sababi oxirgi 3 oy mobaynida uni olgan bemorlarning aksariyatida nojo‘ya ta’sirlar sezilmagani haqida xabarlarni o‘qigandim. AstraZeneca vaksinasi haqidagi turli mish-mish va salbiy fikrlarga munosabatim bitta: men bir umr qoidalarga amal qilib yashagan odamman. Tibbiyot xodimlarining tavsiyalariga albatta quloq solish kerak. Oldi-qochdi gaplarga ishonmayman. O‘ylab ko‘ring, nahotki hukumatimiz, davlatimiz noto‘g‘ri vaksina olib kelib, xalqimizni azobga qo‘yadi, deb o‘ylasak. Emlashdan so‘ng o‘zimni yaxshi his qilyapman, kayfiyatim yaxshi.Siddiqov Said, 75 yoshli pensiyadagi o‘qituvchi.
6 yildan beri nafaqadaman, kabel zavodida ishlaganman. Poliklinikadan qo‘ng‘iroq qilishdi, mana kelib ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasini oldim. Vaksina olishimning sababi mabodo virusga chalinib qolsam, yengil o‘tishi haqidagi gaplarni eshitganimdir. Oilada 7 kishimiz. Mening yoshim birinchi bosqichda emlanishga mos kelgani uchun keldim mana. Albatta, ko‘pchilik “olmang, bormang”, deyishdi, lekin men baribir olishga qaror qildim.Zavqimurod Abdullayev, 67 yosh, nafaqaxo‘r.
Ayolimning taklifi bilan kelib emlandim. Nafaqagacha qurilishda ishlaganman. AstraZeneca vaksinasini oldim. Farzandlarimizning yoniga, Kanadaga ketishimiz kerak, yaqin orada agar vaziyat yaxshi bo‘lsa. Televizorda aynan shu vaksina haqida ko‘p ijobiy fikrlarni eshitganim sababli emlanishni ma’qul ko‘rdim. Hozirgacha biror jiddiy kasallikka chalinmaganman.Yavdat Safin, 69 yoshdagi nafaqaxo‘r.
Tumandagi davolash profilaktika muassasalari, poliklinikalardagi davolash profilaktika ishlari bo‘yicha koordinatorman. Emlash tadbirlarini tashkil etish, o‘tkazishni nazorat qilamiz, amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatamiz, vaksina saqlanishi xavfsizligini ta’minlaymiz. Ikki oy davomida barcha oilaviy poliklinikalar bilan birgalikda emlash tadbirlariga tayyorgarlik olib bordik. Bugundan emlashga start berildi. Tumanimizda 8 ta oilaviy poliklinikada 2 tadan 16 ta emlash punkti hamda 32 ta mobil brigada tashkil qilingan. Ularning tarkibida 32 nafar shifokor, 32 nafar emlovchi tibbiyot xodimi, 32 nafar emlovchi dublyor, 64 nafar ro‘yxatga oluvchilar bor. Bundan tashqari, har bir poliklinikada “Emlash.uz” elektron tizimiga mas’ul shaxslar biriktirilgan. Emlanganlarning barchasi unga kiritiladi. Har bir poliklinikaning o‘z koordinatori bor.Mutaxassis 31-mart kuni vaksinalar sovuqlik zanjiriga rioya qilgan holda vaksinalar tegishli tibbiyot muassasalariga yetkazib berilganini bildirdi. Tekshirib chiqilgan barcha oilaviy poliklinikalarda vaksinalar belgilangan haroratda saqlanayotgani, emlanuvchilar uchun sharoitlar yaratilgani, emlanganlar orasida hozirgi vaqtgacha emlashdan keyingi noxush holatlar uchramagani ta’kidlandi.Behbudova Manzura, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi immunolog-epidemiolog shifokori.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Farg‘ona va Samarqandda aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari boshlangani haqida xabar berilgan, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi qayerda vaksinatsiya jarayonlari o‘tkazilishi haqida ma’lumotni e’lon qilgan.
O‘zbekistonda bugungi kunda 1 million 660 ming doza vaksina bor. Ularning 660 ming dozasi COVAX jamg‘armasi tomonidan olib kelingan AstraZeneca vaksinasi, 1 million dozasi O‘zbekiston–Xitoy hamkorligida ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi.
Aholini ushbu vaksinalar bilan emlash bir paytning o‘zida amalga oshiriladi. Bunda emlanuvchi birinchi emlanishni qaysi vaksina bilan boshlasa, ikkinchisini ham aynan o‘sha vaksina bilan yakunlaydi. AstraZeneca vaksinasi bilan 2 marotaba, ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi bilan 3 marotaba emlash ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni, vaksinatsiya ikki xil vaksinada ikki xil amalga oshiriladi. Shuningdek, O‘zbekistonda xususiy klinikalarga COVID-19’ga qarshi pulli emlash o‘tkazishga ruxsat beriladi.
Nurmat Otabekovning o‘zi istalgan vaksina bilan jon deb emlanishini ma’lum qilgan.
Mavzuga doir:
- O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi emlash qaysi hududlardan boshlanishi ma’lum qilindi
- O‘zbekistonda uch oy ichida 4 mln kishi koronavirusga qarshi emlanadi
- O‘zbekiston COVID-19’ga qarshi o‘z vaksinasini ishlab chiqishni boshladi
- O‘zbekistonda aholining ko‘pchiligi koronavirusga qarshi emlanishni istamayotgani ma’lum bo‘ldi
Izoh (0)