Xitoyning Xiaomi kompaniyasi Snapdragon 888 protsessoriga ega yoshlar uchun mo‘ljallangan hamyonbop Mi 11 Lite va Mi 11i flagmanlarini taqdim etdi, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.

Foto: Hi-Tech.Mail.ru

Xiaomi Mi 11 Lite modeli Mi 11 flagmanining soddalashtirilgan versiyasiga aylangan — unga 90 gertsli yangilanish chastotasiga ega 6,55 dyuymli AMOLED-displey o‘rnatilgan. Iqtisodiy tejamkorlik maqsadida barmoq izi skaneri qurilmaning yon tomoniga joylashtirilgan.

Kameralar jamlanmasi ham soddalashgan — 108 megapikselli asosiy modul o‘rniga arzonroq bo‘lgan 64 megapikselli sensor o‘rnatilgan. Unga 8 megapikselli keng burchakli obyektiv va 5 megapikselli makromodul qo‘shilgan.

Foto: Hi-Tech.Mail.ru

Protsessor sifatida 5G aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydigan Snapdragon 780G’dan foydalanilgan, shuningdek, boshqa chipga ega 4G-versiyasi ham taqdim etiladi. Qurilmaga sig‘imi 4250 mA/soatga teng akkumulyator o‘rnatilgan bo‘lib, u 33 vattli tezkor quvvatlanish funksiyasiga ega.

Xiaomi Mi 11 Lite’ning 8/128 gigabaytli versiyasi Xitoyda 2299 yuandan (350 dollar) sotuvga chiqqan.

Kam mablag‘ sarflab, maksimal darajada samaradorlik istaydiganlar uchun Xiaomi Mi 11i taqdim etildi — u Mi 11 flagmaniga yaqinroq. Smartfonga Full HD+ sifatni qo‘llab-quvvatlaydigan va 120 gertsli yangilanish chastotasiga ega 6,67 dyuymli AMOLED-displey o‘rnatilgan, barmoq izi skaneri yon tomondagi yoqish tugmasiga birlashtirilgan.

Foto: Hi-Tech.Mail.ru

Qurilma tezkor UFS 3/1 va LPDDR5 tezkor xotirasiga ega Snapdragon 888 protsessorida ishlaydi, akkumulyator sig‘imi 4520 mA/soat, 33 vattli tezkor quvvatlanish funksiyasiga ega. Shuningdek, uning asosiy kamerasi 108 megapikselni tashkil etadi, keng burchakli va alohida makromodulga ham ega.

Smartfon narxi 659 yevroni tashkil etadi.

Avvalroq Xiaomi o‘zining eng qimmat flagmani Mi 11 Ultra’ni taqdim etgani, geymerlar uchun Black Shark 4 va 4 Pro flagmanlarini sotuvga chiqargani to‘g‘risida xabar berilgandi.