Xalqaro arxeologlar guruhi Indoneziyaning Sulavesi orolida eng qadimgi qoyatosh rasmini topdi, deb xabar bermoqda “RBK” Science Advances’ga tayanib.

Foto: EPA

O‘lchami 136x54 santimetr bo‘lgan ushbu suratda to‘q qizil oxra pigmenti bilan yovvoyi cho‘chqa rasmi chizilgan. Uning yoshi radioizotop usuli bilan aniqlangan bo‘lib, 45,5 ming yilni tashkil etgan.

Tadqiqot hammuallifi, Griffit universiteti arxeologi Adam Brammning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi qoyatosh san’ati hayratlanarli va qadimgi odamlarning turmush tarzi va ularning Osiyo orqali Avstraliya qit’asiga ko‘chishi haqida tasavvurga ega bo‘lishga yordam beradi.

“Bizga ma’lumki, zamonaviy insonlar, bizning turimiz, Avstraliyaga yetib borish uchun dunyoning ushbu qismidan kamida 65 ming yil oldin o‘tishlari kerak edi”, — degan professor Bramm.

Qo‘llanilgan usul orqali rasmning minimal yoshi 45,5 ming yil deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, undan ham qadimiyroq bo‘lishi mumkin. Dastlabki tadqiqotlarni tugatgandan so‘ng arxeologlar kelajakda ushbu hududda olib boriladigan ishlar yoshi 65 ming yillikdan ham ortiq bo‘lgan undan ham qadimiyroq san’at namunasini aniqlash imkonini berishiga umid qilmoqda.

Sulavesining janubiy mintaqasi 1950-yildan beri qoyatosh suratlari bilan mashhur. Dastlab arxeologlar chizmalarning yoshi kichik, taxminan 10 ming yil deb taxmin qilgan. Chunki tropik namlik undan qadimiyroq bo‘lgan qoyatosh suratlarining yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelgan deb o‘ylashgan. Ammo keyinchalik mutaxassislar adashganligi aniqlandi: suratlar minerallarga boy bo‘lgan suv oqishidan hosil bo‘lgan yarim shaffof kalsit sirt bilan qoplangan. Qatlamda uran borligi aniqlangan va u qoyatosh suratining aniqroq yilini aniqlashga yordam bergan.

O‘shandan beri mintaqada boshqa sur’atlar, shu jumladan, kamida 43,9 ming yillik ov manzaralari rasmi topilgan. Yovvoyi cho‘chqa rasmi esa 2017-yilda Makassar shahri yaqinidagi Leang Tedongnge nomli g‘orda topilgan bo‘lib, arxeologlar bu haqda endigina xabar berdi.