PostNord pochta kompaniyasi 18 yoshli ekofaol Greta Tunberg sharafiga pochta markasi chiqardi, deya xabar bermoqda Meduza.
Pochta markasida sariq kamzulda qaldirg‘ochlarga qarab turgan Greta tasvirlangan.
Greta Tunberg tasvirlangan marka atrof-muhit va ekologiyaga bag‘ishlangan Vardefull Natur (Qimmatbaho tabiat) to‘plamiga kiritilgan. Pochta markalari uchun rasmlarni rassom Xenning Trollbek chizgan.
Markalar 14-yanvarda sotuvga chiqariladi. Marka narxi 12 shved kronasini tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, Greta Tunberg 2018-yilda Shvetsiya parlamenti binosi yonida har juma kuni norozilik namoyishi o‘tkazishni boshlagan va hukumatdan iqlimni asrash bo‘yicha chora-tadbirlar o‘tkazishni talab qilganidan so‘ng mashhur bo‘lgandi. 2019-yilning yozida Tunberg o‘qishdan tanaffus qilishga qaror qildi. Bir yildan so‘ng u maktabga qaytdi.
Tunberg 2019-yilda Nyu-Yorkda BMTning iqlim sammitida nutq so‘zlagan. Shuningdek, 2019-yil oxirida Time jurnali shvetsiyalik o‘smir qizni “Yil odami” deb e’tirof etgan.
Izoh (0)