Portugaliya prezidenti Marselu Rebelu di Soza koronavirus infeksiyasiga topshirgan test musbat natija ko‘rsatdi, deb yozadi “RBK” prezident saytiga tayanib.
Bundan avval siyosatchi virusga va antitanalarga topshirgan testlar manfiy natija bergan edi, ammo PZR usuli orqali navbatdagi tekshiruv Portugaliya rahbarining kasalligini ko‘rsatdi. Biroq unda hech qanday simptomlar kuzatilmayapti.
Prezident o‘z-o‘zini yakkalash rejimiga o‘tdi. Uning ishtirokidagi yaqin vaqtlarga belgilangan tadbirlar bekor qilindi.
Jons Hopkins universiteti so‘nggi ma’lumotlariga qaraganda, Portugaliyada 489 293 kishi koronavirusga chalingan.
Avvalroq Armaniston prezidenti Armen Sarkisyan Londonda koronavirus bilan kasallangani haqida xabar berilgandi. Keyinroq prezident matbuot xizmati unda kasallik og‘ir kechayotganini ma’lum qildi.
Izoh (0)