O‘zbekistonda Jahon banki, Masdar kompaniyasi (BAA) va Osiyo taraqqiyot banki 100 MVt kuchga ega bo‘lgan O‘zbekistondagi ilk quyosh elektrostansiyasini moliyalashtirish bo‘yicha kredit va sug‘urta shartnomalarini imzoladi. Bu haqda Jahon bankining matbuot xizmatiga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.
Stansiya O‘zbekistonda xususiy kompaniya tomonidan qurilgan va boshqariladigan energetika sohasidagi ilk katta masshtabli obyektga aylanadi.
Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC, Jahon bankining tarkibiga kiradi) va OTB loyihani moliyalashtirish uchun 60 million dollargacha mablag‘ ajratadi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki esa Masdar kompaniyasiga aksiyadorlik jamiyatini moliyalashtirish uchun 5,1 million dollarlik qisqa muddatli kredit ajratadi.
Elektrostansiyani qurish va uning ekspluatatsiyani amalga oshirish ishlari bilan Nur Navoi Solar kompaniyasi shug‘ullanadi. Kompaniya Masdar’ga tegishli.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yil oktabr oyida Masdar quyosh energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston tarixidagi ilk davlat-xususiy sherikchilik tender tanlovida g‘olib bo‘lgandi.
Masdar 25 yil davomida kVt/soat uchun 2,679 sent tarifida elektroenergiya bilan ta’minlash majburiyatini olgan. Bu hozirda Markaziy Osiyoda mavjud bo‘lgan eng arzon narxdagi tarifdir. Nur Navoi Solar 2046-yilgacha yuqorida ko‘rsatilgan narxda “Milliy elektr tarmoqlari”ga elektr energiyasini sotadi.
Mavzuga doir: O‘zbekistonda o‘n yil ichida umumiy quvvati 5 ming megavatt bo‘lgan quyosh elektr stansiyalari qurish rejalashtirilmoqda
Izoh (0)