Surxondaryo viloyatida MChJ rahbariga zavod qurishi uchun bankdan kredit olib berishni va’da qilgan bir guruh shaxs qo‘lga olindi, deya xabar qilmoqda Bosh prokuratura “Daryo”ga.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament va DXXning Surxondaryo viloyat boshqarmalari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida fuqaro M.M. va boshqalar “Z.A.” MChJ rahbari R.ga yog‘ ishlab chiqarish zavodini qurishi uchun bank muassasasida ishlovchi tanishlari orqali 2,8 milliard so‘m kredit chiqartirib berish evaziga 15 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan M.M. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Xorazmda 3 gektar yerni bir fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish uchun 40 ming dollar pora olgan MChJ rahbari, Toshkentda elektron auksion savdolaridan mashinalar xarid qilib berishni va’da qilib, fuqaroni 74 000 dollarga chuv tushirgan shaxs va Toshkentda jarima to‘lamaslik evaziga fuqarodan 300 dollar so‘ragan gaz ta’minoti idorasi xodimlari qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)