Sog‘lom uyqu miya va yurak faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadi, immunitetning mustahkamlanishida muhim rol o‘ynaydi. Mutaxassislar kuniga 7-9 soat uxlash kerakligini ta’kidlaydi, lekin ish va shaxsiy hayotdagi muammo hamda stresslar tufayli doim ham keraklicha uxlashning iloji bo‘lmaydi. Harper’s Bazaar bunday vaqtda uyqu tinch va ko‘ngildagidek bo‘lishiga yordam beradigan mahsulotlar iste’mol qilishni tavsiya qiladi.

Foto: “Tion”

Bodom

Turli tuman vitamin va minerallarga boy bo‘lgan quritib qovurilgan 28 gramm bodomda kunlik me’yor hisoblangan 18 foiz fosfor va katta yoshli inson organizmi uchun norma bo‘lgan 23 foiz B2 vitamini bo‘ladi. Shuningdek, uyqu gormoni hisoblangan melatoninning manbayi hisoblanadi. Uyqudan avval bir siqim bodom iste’mol qilish tiniqib dam olishni ta’minlaydi.

Kurka go‘shti

Eng foydali go‘sht mahsulotlaridan bir hisoblangan, tarkibida riboflavin, fosfor va selen bo‘lgan kurka go‘shti uyqu gormoni melatonin ajralib chiqishi uchun ahamiyatli bo‘lgan aminokislota — triptofanni ham o‘z ichiga oladi. Ushbu mahsulot proteinga ham boy sanaladi. Ba’zi tadqiqotlarda aniqlanishicha, ko‘p bo‘lmagan miqdordagi oqsil ham uyqu chaqirishi mumkin.

Moychechakli choy

Moychechakli choy — o‘zining tinchlantiruvchi xususiyati bilan yaxshi ma’lum. Uni iste’mol qilish xavotirni kamaytiradi, immunitet va teri ahvolini yaxshilaydi. Qolaversa, tarkibidagi antioksidant — apigenin uyqusizlikka qarshi yaxshi samara beradi.

Kivi

To‘yimli shu bilan birga kam kaloriyaliligi bilan yaxshi ma’lum bo‘lgan ushbu meva iste’moli organizmdagi xolesterin va ovqat hazm qilish tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqot doirasida 24 nafar ishtirokchi har kuni uyqudan ikki soat avval kivi iste’mol qilgan. Kuzatish natijasiga ko‘ra esa ishtirokchilarning 42 foizi tez uyquga ketishi aniqlangan. Bu kivining uyqu me’yorida bo‘lishida ahamiyatli bo‘lgan “baxt gormoni” — serotonin ishlab chiqarishni yaxshilashi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Grek yong‘og‘i

Tarkibida 18 xil vitamin va minerallar mujassam bo‘lgan mazkur mahsulot, shuningdek, melatoninga ham boy sanaladi. Ushbu yong‘oqni oz miqdorda iste’mol qilish sizga uyqu bilan bog‘liq muammolarni hal bo‘lishiga yordam berishi mumkin.

Guruch

Foydali xususiyatlari va bir qancha vitaminlarga boy ekani bilan o‘ziga xos bo‘lgan guruch qondagi qand miqdorini kamaytiradi va uyqu yaxshilanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Shifokorlar tiniqib uxlash uchun guruchni uyquga yotishdan bir soatdan kam bo‘lmagan vaqtda iste’mol qilish kerakligini ta’kidlaydi.

Losos

Vitamin D koni hisoblangan losos miya faoliyatini yaxshilash va yurak kasalliklarining oldini olish xususiyatiga ega bo‘lgan omega-3 kislotasiga ham boy hisoblanadi. Ushbu vitamin va kislotalarning umumlashmasi uyquning yaxshilanishiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Lososni uyqudan avval oz miqdorda iste’mol qilish tinch va uzoq uyquni ta’minlaydi.