Namangan shahrining markaziy ko‘chalaridan haydovchi va piyodalarni hushyorlikka chorlovchi targ‘ibot avtokarvoni aylandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Evakuatorlarga YTHlar oqibatida shikastlangan yengil avtomobillar ortildi. Ularning old tomoniga “Haydovchi, unutmang, sizni oilangiz kutmoqda”, “Attang qilmang, amal qiling!” mazmunidagi bannerlar o‘rnatildi.
Avtokarvon davomida ovoz kuchaytirgichlar yordamida yo‘l qoidalariga rioya etish, tezlikni oshirmaslik, bolalarga hushyor bo‘lishga da’vat etilgan matnlar o‘qib eshittirildi, bukletlar tarqatildi.
Qayd etish joizki, Namanganda yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyat jiddiy tus olmoqda. 2020-yilning 7 oyi mobaynida viloyatda 390 ta YTH ro‘y berdi. Ularda 87 kishi halok bo‘ldi, 274 kishi jarohatlandi.
Qurbonlarning 20, yaralanganlarning esa 40 nafari voyaga yetmaganlarga to‘g‘ri keldi.
Izoh (0)