eBay onlayn savdo maydonchasida noodatiy transport vositasi sotilmoqda: 1999-yilgi Chevrolet Tracker yo‘ltanlamasi va 2003-yilgi Cirrus SR22 samolyoti asosida yaratilgan “karoplan”. Sotuvchining ta’kidlashicha, mashina yagona nusxada yaratilgan, deb xabar beradi Motor.

Foto: eBay

“Karoplan”ning old qismi eski Tracker ko‘rinishini takrorlaydi, radiator panjarasiga o‘rnatilgan samolyot vinti va kapot tashqarisidagi oynalar bundan mustasno. Eshiklar faqat ikkita va ular Cirrus’dagi kabi yuqoriga ochiladi. Salon ichida haydovchi bilan birga uch kishi sig‘adi. O‘rindiqlar xavfsizlik kamarlari bilan jihozlangan.

Foto: eBay

Mashinaning odatdagi quyruq qismi o‘rniga Cirrus SR22’ning dum qismi o‘rnatilgan, biroq gorizontal barqarorlashtirgich “karoplan”ni qulayroq qilish maqsadida biroz egovlangan. Qanotlar olib tashlangan, g‘ildiraklar — oddiy, shu sababli transport vositasidan faqatgina oddiy yo‘llarda foydalanish mumkin.

E’londa “karoplan”ga qanday dvigatel o‘rnatilgani to‘g‘risida ma’lumot berilmagan — to‘rt silindrli agregat yodga olingan xalos. Taxminlarga ko‘ra, mashina Tracker’ning standart dvigateli yordamida harakatga keladi: bu quvvati 97 yoki 127 ot kuchiga teng 1,6 yoki 2,0 litrli motor bo‘lishi mumkin.

Foto: eBay

Avtomobil 2018-yilda samolyot bilan birlashtirib yuborilgan. O‘shandan buyon noyob replika yetti marta o‘z egasini almashtirib, 8 ming kilometrdan ortiq yo‘l bosgan. Hozircha “karoplan” 9,7 ming dollarga baholanmoqda, ammo savdolar 30-iyul kuni yakuniga yetadi.

Foto: eBay

Foto: eBay

Foto: eBay