Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida 12-iyun kuni odam o‘limi bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB axborot xizmati ma’lum qildi.
Hodisa “Ko‘lariq” MFY hududidan o‘tuvchi mahalliy yo‘lda yuz bergan. 1985-yilda tug‘ilgan N.A. boshqaruvidagi “GAZ-53” yo‘lni belgilanmagan joyidan kesib o‘tayotgan piyoda, 2015-yilda tug‘ilgan E.M.ni urib yuborib, YTH sodir etgan.
YTH oqibatida tan jarohati olgan 5 yoshli bola shifoxonada vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshloq tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (“Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu holat bo‘yicha aybdor deb topilgan shaxs 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yuz bergan YTH ham 5 yashar bolaning o‘limiga sababchi bo‘ldi. “Tongotar” qishloq fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi M.E. Damas avtomashinasini “Bog‘ishamol” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tgan O‘smat—Alamli—Kildon yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib ketayotib voyaga yetmagan 5 yoshli o‘g‘il bolani urib yuborgan. Bola voqea joyida vafot etgan.
IIV Baxmaldagi YTH qaysi kuni sodir bo‘lganiga aniqlik kiritmagan. Hozirda ushbu holat yuzasidan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Farg‘ona viloyatida avvallari ham voyaga yetmagan bolalarning o‘limi bilan yakunlangan YTHlar sodir bo‘lgandi. 1-iyun kuni Uchko‘prik tumanida Lacetti ag‘darilib ketishi oqibatida 14 yoshli bola, 17 va 18-maydagi YTHlarda 3 yoshli bolalar vafot etgandi. Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida 30-may kuni 15 yoshli bola qarovsiz qoldirilgan mashinani yurgizib yuborishi oqibatida 6 yoshli bola vafot etgandi.
Izoh (0)