Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda o‘tgan bir sutka ichida 46 kishida koronavirus aniqlangan.
Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, 34 nafar bemor xorijdan kirib kelgan, 12 nafari esa mamlakatda kasallikni yuqtirib olgan. O‘tgan bir sutka ichida bemorlardan hech biri vafot etmagan. Shuningdek, koronavirus o‘chog‘i hisoblangan Xubey provinsiyasida kasallikka chalinish bo‘yicha birorta yangi holat qayd etilmagan.
Mamlakat tibbiyot muassasalarida 1107 kishi davolanmoqda, ulardan 95 nafarining ahvoli og‘ir. Xitoyda koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon 82 mingdan ortiq odamda kasallik aniqlangan bo‘lib, 3342 nafari vafot etgan.
Avvalroq Xitoy o‘z hududida koronavirus epidemiyasi to‘xtaganini e’lon qilgandi. Keyinchalik mamlakat bosh epidemiologi Xitoyda koronavirusning ikkinchi to‘lqini sodir bo‘lishi ehtimolini baholadi. COVID-19’ni davolash bo‘yicha Shanxaydagi ekspertlar guruhi a’zosi insoniyat yoz faslida koronavirus pandemiyasidan butkul qutula olmasligi, noyabr oyida kasallikning yangi to‘lqini yuzaga kelishi mumkinligini aytdi.
Izoh (0)