O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlardan yana 8 nafari tuzaldi. Tuzalganlar Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va boshqa mas’ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Shu tariqa, ayni paytda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning 38 nafari sog‘aydi (bungacha yetti, bir, to‘rt, 13 va besh nafar bemor sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatilgani haqida xabar berilgan edi).

Vazirlik tomonidan qayd etilishicha, shifokorlar bemorlarni davolashda dunyo tajribasi, xususan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya kabi qator mamlakatlarning eng nufuzli mutaxassislari tavsiyalaridan foydalanmoqda. Bundan tashqari, Prezident topshirig‘iga ko‘ra, har bir bemorga ikki nafardan shu sohada ko‘zga ko‘ringan tajribali mutaxassislar jalb qilinib, standartlar bo‘yicha davolash choralari ko‘rilmoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Shuningdek, shifokorlar bemorlarni davolash jarayonida mamlakatning yetuk pulmonolog, kardiolog, terapevt, endokrinolog, reanimatolog kabi qator mutaxassislar bilan telemuloqot o‘rnatib, ulardan kerakli tavsiyalarni olmoqda. Tor mutaxassislar bilan hamkorlik bemorlarning holati yuzasidan maslahatlashish, aniq tashxis qo‘yish va davolash imkonini bermoqda.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 9-aprel Toshkent vaqti bilan soat 15:30 holatiga ko‘ra 582 kishiga yetdi. Shu paytga qadar uch kishi (bir ayol va ikki erkak) koronavirus sabab vafot etdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 4—7-aprel kunlari koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlar ayniqsa ko‘p qayd etildi. Xususan, 6-aprel kuni 115 kishida koronavirus aniqlangan — bu kunlik rekord; shuningdek, 6-aprel soat 10:00 dan 7-aprel soat 15:00 gacha bo‘lgan oraliqda, Buxoro (65 nafarga) va Qoraqalpog‘istonda (sakkiz barobarga) bemorlar soni keskin ko‘paygan.