“Daryo” kolumnisti Jahongir Ostonov an’anaviy tarix ruknida Sezar shaxsiyatiga bog‘liq voqealar va qiziqarli faktlar haqida ma’lumot beradi.

Tarixda ko‘plab buyuk jahongirlar o‘tdi. Ularning aksariyati ziddiyatli shaxsiyat bo‘lib, Yuliy Sezar (Caius Julius Caesar) bunga yorqin misol bo‘la oladi. U miloddan avvalgi 44-yilning 15-mart kuni Rim senatorlarining bir guruhi tomonidan o‘ldirilgan.

Foto: Wikipedia

Yuliy Sezarga o‘xshagan shaxslarga nisbatan, odatda, ikki xil qarash shakllangan bo‘ladi. Kimlar uchundir  u dohiy, g‘olib, qahramon bo‘lsa, kimlar uchundir qonxo‘r, zolim, diktator. Buyuk Rim imperiyasining tamal toshini qo‘ygan general, siyosiy arbob va yozuvchi Yuliy Sezar eramizdan avvalgi 100-yilda Rimda tavallud topgan. Uning butun hayoti va siyosiy faoliyati Rim respublikasining so‘nggi asrida ijtimoiy bosimlar va fuqarolik urushlariga to‘gri keldi. Uning hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ba’zi holatlar va shaxsiyatlar haqida quyida hikoya qilamiz.

“Hatto sen hammi, o‘g‘lim?”

Yuliy Sezarning o‘ldirilishida ishtirok etganlar orasida senator Markus Junius Brutus ham bor edi. U Sezarning joriyalaridan biri bo‘lmish Servilianing o‘g‘li bo‘lgan. Sezar hukmronligi paytida unga yuqori lavozimlarni ishonib topshirgan hamda uni o‘z himoyasiga olgan edi. Sezar o‘zining o‘ldirilish paytida xanjar ko‘tarib turgan Brutusni ko‘rib, “Hatto sen hammi, o‘g‘lim”, degani hujjatlarda qayd etilgan. Uning gapidan ba’zilar ikkalasi o‘rtasida ota-o‘g‘il aloqasi bor deb hisoblab, Brutusni padarkush desa, ba’zilar shunchaki qadrlash ma’nosida aytilganini ilgari suradi.

Sezar vafotidan keyin hokimiyat uchun kurashlarda Mark Antoniyga qarshi jangdagi mag‘lubiyatdan so‘ng Brutus eramizdan avvalgi 42-yilda Makedoniyada o‘z joniga qasd qildi.

Imperatorlarni rom etgan Kleopatra

O‘z ukasi bilan hokimiyat uchun kurashda Misr malikasi Kleopatra Yuliy Sezardan yordam so‘raydi. Miloddan avvalgi 48-yilda ular uchrashadi. Shundan so‘ng ular o‘rtasida ishqiy munosabatlar paydo bo‘ladi. Sezarning yordami bilan Kleopatra Misrda hukmronlikni qo‘lga oladi. Misr esa defakto, Rim protektoratiga aylanadi va ularning Ptolomey ismli o‘g‘li dunyoga keladi. Sezar vafot etgan paytda Rimda bo‘lgan Kleopatra zudlik bilan o‘z yurtiga qaytib ketadi.

Sezar – diktator

O‘zining siyosiy va harbiy faoliyati davomida Sezar mutlaq hokimiyat uchun kurash olib bordi va bunga erishdi ham. Barcha unvon va vakolatlarni o‘zida jamlab, raqiblarini yo‘q qilib yoki ularning vakolatlarini cheklab tashlaydi. Barcha vakolatli mansablarga o‘z yaqinlarini qo‘yadi. Senatorlar va sudyalarning vakolatlarini ham cheklashga erishadi. Unda cheksiz hokimiyat jamlangan edi.

Foto: Wikipedia

Miloddan avvalgi 44-yilning 14-fevral kuni u Senatdan o‘zini umrbod diktator (Dictator perpetuo) etib nomlanishiga erishdi. Ushbu voqealar norozilik va xavotirlarni ko‘paytirdi. Uning oxirgi kunlari yakunlanayotgan edi. Dictator perpetuo vakolati barcha imperatorlarda bo‘lishiga qaramasdan, Sezar hech qachon imperator bo‘la olmadi.

Sezar – yozuvchi

Harbiy va siyosiy sahnada qanchalik yuksak bo‘lsa, ijod borasida ham Sezar shunchalik yetuk shaxs edi. Yoshlikdan barcha ilmlarni egallagan, ijod bilan shug‘ullanib, she’r va dostonlar yozgan, ammo ular bizgacha yetib kelgan emas deb hisoblanadi. Uning grammatikaga oid “De analogia” degan asari ham mavjud. Shuningdek, “Fuqarolik urushlariga sharh” asari ham ancha mashhur.

Uning eng ko‘p tanilgan asari “Galliyaga qilingan urushlar sharhi” asaridir. Bu asarda o‘zining bugungi Fransiya hududida istiqomat qilgan qadimgi gallarga qarshi urushlari haqida, uchinchi shaxs tilidan hikoya qiladi. Ancha xolis bo‘lishga harakat qilganiga qaramasdan, o‘zining muvaffaqiyatlarini oshirib ko‘rsatish va martabasini ko‘tarish maqsadida yolg‘onlarni ham ishlatgan.

Asarni yozayotgan paytda uning dushmanlari turli mish-mishlar tarqatayotgan edi. Chunki Galliyadagi g‘alabadan so‘ng u ikkinchi marta konsullikka o‘z nomzodini ko‘rsatishga urinayotgandi.

Sezar Galliyada

Sezar boylik va obro‘ to‘plash maqsadida mustaqil ravishda Galliyaga urush qilishga qaror qiladi. Gallar unga tramplin vazifasini o‘tab beradi. Miloddan avvalgi 58-yilda u o‘zini Alpning g‘arbiy qismidagi gallar, Alporti gallari va Illiriya prokonsuli deb e’lon qilinishiga erishdi.

U birinchi navbatda helvetlarga qarshi urush e’lon qildi. Bu paytda Galliya mustaqil, shu bilan birga o‘zaro dushman bo‘lgan 60 ga yaqin millatdan iborat birlik edi. Ularning orasida Rimga xayrixohlari ham bor edi. Sezar galliyalik qabilalarni birin-ketin egalladi. Galliya urushlari 58-yildan 51-yilgacha davom etdi. Sezar Galliya bilan qanoatlanmay, Britaniya va Germaniyaga ham bordi.

Foto: Wikipedia

Unga qarshi kurashgan gallarning liderlaridan biri bu Versingetoriksdir. Miloddan avvalgi 52-yilda o‘z atrofida konfederatsiya tuzib, Sezarga qarshi urush qildi. Sezar ustidan g‘alaba ham qilgan, ammo qo‘shindagi intizomsizlik sababli oxir oqibatda mag‘lub bo‘lib, hibsga olingan. Bu esa Galliyaning egallanishini yakuniga yetkazgan. U bir necha yil qamoqda o‘tirganidan so‘ng bo‘g‘ib o‘ldiriladi.

Gallarning Yuliy Sezar va rimliklarga qarshi kurashi Fransiya xalq og‘zaki ijodida ko‘p uchraydi. Ular ichida eng mashhuri, shubhasiz, Asteriks va Obeliksning sarguzashtlari haqidagisidir. Bu qahramonlar haqida bir qator multfilm va badiiy filmlar suratga olindi. “Asteriks va Obeliks Sezarga qarshi”, “Asteriks va Obeliks: Kleopatra missiyasi”, “Asteriks olimpiyada o‘yinlarida”, “Asteriks va Obeliks hazrati oliyalarining xizmatida” filmlari o‘zbek tomoshabinlariga ham tanish. Bundan tashqari Asteriks haqidagi komikslar Fransiya va butun dunyoda mashhur.

Sezar va Pompey: triumvirat

Miloddan avvalgi 60-yilda Sezar o‘z manfaatlarini ko‘zlab General Buyuk Pompey (Cnaeus Pompeius Magnuset) va boy va ochko‘z bo‘lgan Markus Lisinius Krasuslar bilan yaqinlashishga harakat qiladi. Ular o‘rtasida yashirin bitim tuziladi. Ushbu bitim tarixga “triumvirat” deb nomlanadi. Ammo 53-yilda Krasusning parfiyaliklardan mag‘lubiyatga uchrab o‘ldirilishi bilan ular o‘tasidagi aloqalar uziladi.

Kelasi yili senat Pompeyni Rimning yagona konsuli deb e’lon qiladi va u Rimning eng qudratli kishisiga aylanadi. Bu paytda Sezar o‘zining legionlari bilan Ispaniyada edi. Sezar va Pompey o‘rtasidagi raqobat kuchayib bordi va ularning to‘qnashuvi muqarrar holga aylandi.

Shunday qilib, 49–45-yillar Rim tarixiga fuqarolar urushi yillari bo‘lib kirdi. Urushlardan Sezar g‘olib sifatida chiqdi. Pompey 48-yilda mag‘lub bo‘ldi va Rimdan qochib ketdi. Misrga qochib borgan Pompey yosh Ptolomey XIII tarafidan Sezarga nisbatan xayrixohlik belgisi sifatida o‘ldirildi.

Sezar – mag‘lub

Miloddan avvalgi 44-yilning 15-mart kuni Sezar Mart maydoniga tashrif buyurdi. Shu kuni Senat majlisi bo‘lishi kerak edi. Parfiyaga qarshi urushga otlanishdan oldin o‘zini qirol deb e’lon qilmoqchi degan mish-mish tarqalgan edi. Mish-mishlar tufayli Yuliy Sezar tanasiga bir necha bor pichoq sanchish orqali Pompey Kuriyasida o‘ldirildi. Uning o‘ldirilishida 23 nafar senator ishtirok etgani aytiladi.

Qotillik Respublika tuzumini saqlab qolish va qirollik tuzumiga qarshi uyushtirilgan edi. Lekin operatsiya yaxshi tashkil qilinmadi. Qotillikdan keyingi jarayon rejalashtirilmadi. Hokimiyat baribir Sezar tarafdorlari qo‘lida qoldi. Xalq g‘azabidan qo‘rqqan qotillar yashirinib yurishga va mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Ularning birortasi o‘zining tabiiy o‘limi bilan o‘lmadi. Sezar jasadi Forum maydonida namoyish etildi va 20-mart kuni kuydirildi.

2012-yilda arxeolog Antonio Monterrosso tomonidan Sezar o‘ldirilgan joydan 3 metr kenglik va 2 metr balandlikda sement plitasi topildi. Taxminlarga ko‘ra, yodgorlik Sezarning vorisi Oktavian Avgust tomonidan o‘rnatilgan. Bir qator rassomlar Sezarning o‘lim sahnasi aks etgan san’at asarlarini yaratdi.