“Daryo” kolumnisti Jahongir Ergashev an’anaviy tarix ruknida Mohandas Karamchand Gandi boshchiligidagi Hindiston milliy mustaqilligiga tamal toshi bo‘lib xizmat qilgan mashhur “Tuz yurishi” va uning oqibatlari haqida hikoya qiladi.

Foto: Wikipedia

“Tuz yurishi”

1930-yilning 12-mart sanasida Hindiston mustaqilligi uchun harakatning siyosiy rahnamosi Mohandas Karamchand Gandi uzoq vaqt Buyuk Britaniya tasarrufida bo‘lib kelgan o‘z mamlakatining ozodligi uchun tinchlik tamoyiliga asoslangan va Hindiston milliy mustaqilligiga tamal toshi bo‘lib xizmat qilgan mashhur “tuz yurishi”ni boshlaydi. Hind adabiyotlarida “satyagraxa” atamasi bilan mashhur bo‘lgan mazkur yurish sanskrit tilidan tarjima qilinganda “haqiqatda qat’iylik” ma’nosini ifodalaydi.

“Satyagraxa” 1918—1947-yillar davomida hind xalqining barcha qatlamlari orasida keng ta’sirga ega bo‘ldi, ularning mustaqillik uchun harakatlarini ilhomlantirdi. “Satyagraxa” orqali hind xalqi ingliz bosqinchilariga qarshi kurashish uchun o‘ziga xos qon to‘kilishlarning oldini oladigan bir harakat sifatida yuzaga kelib, mazkur harakat ommaviy namoyishlar o‘tkazish, ingliz zavodlarida ishlashdan bosh tortish, ingliz hukumatining qaror va talablariga bo‘ysunmaslik va ingliz ma’muriyatiga soliqlarni to‘lashdan bosh tortish kabi choralarni tatbiq etishni o‘z ichiga olgan edi.

Mohandas Karamchand Gandi

Birinchi jahon urushi hind va inglizlar o‘rtasidagi munosabatlarning yanada keskinlashishiga sabab bo‘ldi. Natijada, Hindistonda milliy ozodlik harakatining kuchayishiga turtki bo‘ldi. Hind burjuaziyasi inglizlarning taqiqlaridan, cheklovlaridan bezgan, ularning irqiy kamsitishi esa pichoq suyakka borib qadalgan vaziyatni yuzaga keltirgan edi.

Ingliz tarixchisi Arnold Toynbi: ‘Gandi biz inglizlarga Hindistondan g‘azabsiz va sharmandaliksiz chiqib ketish imkonini berdi. Bu bilan bizga ulkan muruvvat ko‘rsatdi’.

Urush ta’sirida o‘z ijtimoiy ahvolining yomonlashgani, qashshoqlik, yuqori soliq stavkalarining tatbiq etilishi va narxlarning keskin oshishi hind xalqining g‘azabini keltirdi. Birinchi jahon urushi davomida 1 millionga yaqin hind askarlari inglizlar tarafida turib, Buyuk Britaniya manfaatlarini himoya qilgan bo‘lsa-da, urushdan so‘ng hanuz hindlar past irq vakillari, yovvoyi xalq sifatida ko‘rilar, davlat boshqaruvi organlariga tayinlanish huquqidan mahrum edi.

Ustiga ustak asosiy oziqaviy modda bo‘lgan tuz ingliz monopoliyasi ta’siri ostida bo‘lib, butun bir Hindiston ahlining turmush ta’siriga, ayniqsa, qashshoqlar qatlamiga kuchli yuk bo‘lib tushar, bu esa hindlarni og‘riqli, mushkul sharoitda qoldirgan edi. Aynan mana shunday tahlikali davrda Mohandas Karamchand Gandi Hindiston ozodlik kurashi yo‘lboshchisi sifatida namoyon bo‘ldi va uning izdoshlari rahnamoga “Mahatma” — “buyuk qalb egasi” degan nom berdi.

Foto: Wikipedia

Mahatma Gandi

Angliyada yuridik ma’lumot olgan Gandi ingliz hukumatining bir qator idoralarida yurist konsultant lavozimlarida faoliyat yuritdi va ingliz mustamlakachiligining chirkin yuzini ko‘rdi hamda o‘z millatdoshlari huquqlarining toptalishiga qarshi bosh ko‘tardi. Gandining fikriga ko‘ra, “satyagraxa” — zo‘ravonliksiz qarshilik ko‘rsatish harakatiga asoslanishi va ingliz bilan har qanday hamkorlikdan tiyilish asosiga qurilishi kerak edi.

Bu siyosat o‘zini to‘la oqladi. Gandi o‘z xalqidan hunarmandchilikni rivojlantirish va tikuvchilikda qo‘l mehnatidan foydalanishni so‘radi. Bu esa ingliz manufakturasiga katta zarar keltirar hamda mamlakatning mustaqilligi uchun zamin tayyorlashi kerak edi. Gandi o‘z harakatini butun mamlakatga yoyish maqsadida tuzdan foydalanishga, tuz oldi-sotdisi borasidagi ingliz qonunchiligiga qarshi chiqishdan boshladi. Dohiy ko‘zlagan maqsad aniq va nishonga tekkan edi.

Tuz yurishi

1930-yil 30-yanvarda Gandi “Yosh Hindiston” nashrida Hindiston vitse-qiroli Eduard Vud Irvinga murojaat yo‘lladi va o‘z maqsad qilib qo‘ygan “satyagraxa” harakatidan voz kechishini ma’lum qiladi. Bu ultimatum orqali Gandi ingliz hukumatidan yer soliqlari miqdorini kamaytirish, tuzga bo‘lgan monopoliyani bekor qilish, harbiy va ma’muriy xarajatlarni qisqartirish, hibsxonalardan siyosiy asosda qamalganlarni ozod etish talabini qo‘ydi. Ammo ingliz hukumati bu ultimatumni jidday qabul qilmadi va qo‘lingdan kelganini qil, qabilida ish ko‘rdi.

Mashhur “tuz yurishi” 1930-yilning 12-mart sanasida Gandi va uning 79 nafar izdoshi boshchiligida Hindistonning Gujarot viloyatidagi Ahmadobod shahrida boshlandi. Tashabbus orqali namoyishchilar 400 kilometrlik masofani bosib o‘tib, Hind ummoni sohillariga chiqishi va u yerda namoyishkorona ravishda sho‘r suvni qaynatib tuz olishi kerak edi.

Foto: Wikipedia

“Tuz yurishi”

“Tuz yurishi” tarafdorlari har bir qishloq va shaharda to‘xtab, ularning safiga qo‘shilishni taklif qilar, bu esa Hindistonning ozod bo‘lishiga yordam beradi deb nutq so‘zlar edi. Yurishga qo‘shilgan tarafdorlar soni keskin ko‘payar, barchaning umidi ozod Hindistonni ko‘rish edi. Harakat favqulodda ommaviy tus olib ketdi. Ingliz hukumati esa harakatni bostirish maqsadida keskin choralar ko‘rishga ham ulgurdi.

“Tuz yurishi”ni muttasil yoritib borgan Britaniya matbuoti ham vaziyatning ommaviylashuviga hissa qo‘shdi. 6-aprel sanasida Arabiston dengizi sohillaridagi Dandi shaharchasida “tuz qaynatish” marosimi o‘tkazildi va shu kuni milliy bo‘ysunmaslik va itoat qilmaslik kuni sifatida e’lon qilindi. Hindistondagi yirik shaharlarda ommaviy namoyishlar o‘tkazildi, ingliz ma’muriyatida ishlaydigan hindlar inglizlarga ishlashdan bosh tortib, iste’foga chiqdi.

Robindranat Tagor: “Yevropa Osiyodagi o‘z nufuzini butkul yo‘qotdi. Yevropa endilikda adolatning himoyachisi, yuqori maslakli fikrlarning sohibi emas, u osiyoliklar ko‘z o‘ngida oq irq vakillarini hukmronligining himoyachisi, insonlarni ekspluatatsiya qiluvchi va ularning evaziga kun ko‘ruvchi tekinxo‘r ekanini isbotladi. Bu Yevropa uchun axloqiy tanazzul. Osiyoliklar endilikda yevropaliklarga past nazar bilan qarashi mumkin”.

Aprel-may oylarida Hindiston Milliy Kongressining 60 mingga yaqin a’zosi hibsga olindi. Kashmir va Peshovor shaharlarida ingliz harbiylari tinch namoyishchilarni o‘qqa tutdi. 5-may sanasida millat peshvosi Gandi ham qamoqqa tashlandi. Inglizlarning mazkur zo‘ravonlik harakatlariga javoban, hind xalqi umumhind ish tashlashni uyushtirdi. Butun harakatning a’zolari prinsiplilik nuqtayi nazaridan ingliz hukumatiga qarshilik ko‘rsatmadi va natijada butun dunyo taraqqiyparvar kuchlarining e’tirofiga va hamdardligiga erishdi. Buyuk Britaniya sharmanda bo‘lgan edi.

1931-yil 25-yanvarda Mohandas Gandi va yana Hindiston Milliy Kongressining 60 nafar a’zosi hibsdan ozod etildi. Hindiston vitse-qiroli harakat rahnamosiga muzokaralar boshlashni taklif qildi. Gandi vitse-qirol Eduard Vud Irvinning taklifiga rozi bo‘ldi.

Foto: Wikipedia

Tagor va Gandi

Muzokaralar natijasiga ko‘ra, Hindiston Milliy Kongressi itoatsizlik va bo‘ysunmaslik harakatini darhol to‘xtatishi, ingliz mustamlakachi hukumati barcha siyosiy mahbuslarga ozodlik berishi, tuz monopoliyasini bekor qilishi, Hindiston mustaqilligi uchun targ‘ibot olib borilishiga ruxsat berishi, Hindiston Milliy Kongressini mustaqil siyosiy partiya sifatida tan olishi kerak edi. Ingliz hukumati mazkur talablarni qabul qildi va 1931-yilning 4-mart sanasida uzoq davom etmagan bo‘lsa-da, Gandi va Irvin bitimi imzolandi.

Mazkur bitim imzolanishi ortidan Hindiston Milliy Kongressi yetakchilaridan biri Javoharlal Neru tushkunlikka tushib qolgani va mustaqillik qo‘ldan boy berilgani haqida gapirdi. Uning nazarida ko‘p millionli Hindiston xalqi asrlar mobaynida orzu qilgan mustaqil Hindiston kulga aylangan edi. Ammo Neru hissiyotga berilgan, adashgan edi. “Tuz harakati” va Gandi-Irvin bitimi mustaqillik uchun harakat nimalarga qodirligini isbotladi. Sababi bundan bir necha yillar avval Hindistonga dominion maqomining berilishi haqida o‘ylash ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladigan holat sanalardi.

Ammo Gandining “Tuz yurishi” mamlakatda siyosiy vaziyatni o‘zgartirdi, hind xalqida ozodlik uchun umid uyg‘otdi, mustaqillik uchun kurash amalga oshishi mumkin bo‘lgan orzu ekanini ko‘rsatdi, butun hind xalqi va mustamlaka qilingan xalqlarning erki uchun kurashiga ulkan kuch bag‘ishladi.