Rossiya prezidenti Vladimir Putin Konstitutsiyada prezidentlik muddati cheklanishini bekor qilishga qarshi chiqdi, deb yozmoqda “Kommersant”. Shu bilan birga, bu Konstitutsiyaga zid kelmasligi uchun Konstitutsiyaviy sud tomonidan tasdiqlansagina buni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, “Yedinaya Rossiya” partiyasidan bo‘lgan Valentina Tereshkova deputatlar yig‘ilishida Konstitutsiyaga ketma-ket prezidentlik qilishdagi cheklovni olib tashlash yoki amaldagi prezidentning lavozim muddatiga chegarani olib tashlash nazarda tutilgan o‘zgartirish kiritishni taklif qilgan.
Tereshkovaning taklifidan so‘ng Davlat Dumasi raisi yarim soatlik tanaffus e’lon qilgan va Putinga qo‘ng‘iroq qilib, bu borada suhbatlashgan. “Valentina Vladimirovna tomonidan kiritilgan tuzatish, avvalambor, amaldagi prezident bilan maslahatlashishni talab qiladi, chunki masala u haqda ketayotgani uchun uning fikrini so‘rash maqsadga muvofiq bo‘lardi”, — degan Volodin.
Tereshkova esa sun’iy to‘siqlar yaratmasdan, barchasini ochiq, oshkora ko‘rib chiqish yoki Konstitutsiyadan prezidentlik muddatiga doir cheklovlarni butunlay olib tashlash kerakligini aytgan. “Yoki bo‘lmasa, vaziyat shuni taqazo etsa va eng muhimi odamlar shuni xohlasa, yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq qonunga amaldagi prezidentning ushbu lavozimga qayta saylanish imkoniyatini kiritish kerak”, — degan u.
Qayd etilishicha, Valentina Tereshkovaning bu taklifini deputatlar gulduros qarsaklar bilan qarshi olgan.
Izoh (0)