Senator Gavhar Alimova Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar bermoqda. Ta’kidlanishicha, shu vaqtgacha Kattaqo‘rg‘on shahriga hokimlik qilib kelgan Muzaffar Hoshimov o‘z arizasiga asosan egallab turgan vazifasidan ozod etilgan.
Ma’lumot uchun, 49 yoshli Gavhar Alimova Samarqandning Jomboy tumanida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 1989-yilda Jomboy tumanidagi 16-maktab yo‘riqchiligidan boshlagan.
Vazirlar Mahkamasining Oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish kompleksi mutaxassisi, “Mahalla” fondi respublika boshqaruvi raisi o‘rinbosari, Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
2018—2020-yillarda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari — viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, yaqindan boshlab esa viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi. Amaldagi senator.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryoning Boyovut, Buxoroning Olot, Andijonning Bo‘ston, Qashqadaryoning Qarshi, Namanganning To‘raqo‘rg‘on tumanlariga ham ayol hokimlar tayinlangan edi.
Izoh (0)