O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev korrupsiyaga qarshi kurash fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim kafolati ekanligi haqidagi maqolasini “Daryo”ga taqdim etdi. Quyida maqola to‘liqligicha e’tiboringizga havola etiladi.
Avvalo, shuni qayd etish o‘rinliki, muhtaram Prezidentimizning har bir chiqishlari, xususan, mamlakat hayoti uchun strategik ahamiyat kasb etuvchi ma’ruza va murojaatlari nafaqat xalqimiz, balki dunyo hamjamiyati tomonidan ham katta qiziqish va xayrixohlik bilan kutib olinmoqda.
Yangi shakllangan Oliy Majlisga yo‘llangan dastlabki Murojaatnoma ham bundan mustasno bo‘lmadi.
Nufuzli mahalliy va xorijiy ekspertlarning yakdil xulosasiga ko‘ra, Prezidentimiz Murojaatnomasi O‘zbekistonning joriy yil va yaqin istiqboldagi taraqqiyotini belgilab beruvchi strategik va ayni paytda fundamental asosga ega bo‘lgan hujjatdir.
Darhaqiqat, Murojaatnoma timsolida O‘zbekistondagi bugungi islohotlar mohiyatini, yaqin yillarda yurtimizning butun qiyofasi qay tarzda jozibador bo‘lishini, xalqimiz hayoti nechog‘liq osuda, farovon va baxtiyor kechishini ko‘rish mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, Murojaatnomada belgilab berilgan ulkan marralar shunchaki ezgu niyat yoki xohish-istak emas.
Aksincha, undagi har bir vazifa ijro mexanizmi, buning uchun mas’ullar, muddatlar, moliyaviy manbalari bilan uyg‘un holda bayon etildi.
Eng muhimi, hujjatda avvalo inson va uning manfaatlari ustuvor o‘ringa qo‘yilgan.
Ya’ni “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan asosiy tamoyilga muvofiq barcha resurslar, imkoniyatlar xalqimiz manfaatlari yo‘lida safarbar etilishi qat’iy ta’kidlandi.
Xalqimiz esa bunday yangi va oqilona siyosatni yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlamoqda.
Zotan, adolat tantanasi va qonun ustuvorligini o‘zi uchun asosiy shiorga aylantirgan davlat fuqarolaridagi siyosatga ishonch, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ulari mustahkam bo‘lishi hammaga ma’lum.
Sohibqiron Amir Temur ham Oqsaroy peshtoqiga “Adolat — davlatning asosi va hukmdorlar shioridir”, degan hikmatli so‘zlarni yozdirgani ham bejiz emas. U ana shu g‘oya asosida millatni eng ezgu va ulug‘vor maqsadlar yo‘lida birlashtirgani va safarbar eta olgani ham tarixdan ayondir.
Yangi O‘zbekistonning yangilangan siyosati ham aynan inson qadr-qimmatini oliy darajaga ko‘tarish, jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini so‘zsiz ta’minlash kabi yuksak g‘oyalarga tayanmoqda.
Biroq, afsuski, bu yo‘ldagi islohotlar natijadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan, taraqqiyotga to‘siq bo‘layotgan bir qator omillar, illatlar saqlanib qolmoqda. Hech shubhasiz, ulardan biri va eng xavflisi korrupsiyadir.
Bu illat avvalo xalqimizning davlat va islohotlarga ishonchini so‘ndirishi, jamiyatda norozilik kayfiyatini kuchaytirishi bilan ham g‘oyat xatarlidir.
Shu bois, istiqlol yillarida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qator ishlar amalga oshirildi.
O‘zbekistonning 2008-yilda BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasiga va boshqa xalqaro hujjatlarga qo‘shilganligi bu borada amalga oshirilgan birinchi qadam bo‘ldi.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun va alohida Davlat dasturida esa navbatdagi vazifalar belgilab olindi.
Qonunda ilk bor korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi tushunchalariga ta’rif berildi.
Shuningdek, qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organlar hamda ularning maqomi aniq belgilab qo‘yildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtirish uchun bosh prokuror rahbarligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etildi.
2017—2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi o‘zining tub mohiyati bilan aynan korrupsiyani tag-tomiri bilan yo‘q qilishga qaratilgan tarixiy hujjat bo‘ldi.
Unda barcha sohalarda korrupsiyaga barham berish, uning ildiz otishiga sharoit yaratayotgan sabablarni bartaraf etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar bayon qilindi.
2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon bilan 2019—2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ikkinchi Davlat dasturi tasdiqlandi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilganligini alohida e’tirof etish zarur.
Birinchidan, davlat xizmati tizimi, uning maqsadlari va vazifalari tubdan takomillashtirildi. Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi tasdiqlandi.
Davlat organlari xodimlarining samarali ijtimoiy himoya qilinishi, moddiy ta’minoti va rag‘batlantirilishini kuchaytirishga qaratilgan choralar ko‘rildi.
Xususan, oxirgi uch yilda davlat xizmatchilarining ish haqi o‘rtacha qariyb 60 foizga, ayrim sohalarda esa bir necha barobarga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalariga asosan barcha vazirlik va idoralardaodob-axloq me’yorlari tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi.
Meritokratiya va ochiq tanlovlar asosida davlat fuqarolik xizmatining “karyera modeli”ni joriy etish ishlari boshlandi.
Ikkinchidan, tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilish yo‘lidagi byurokratik to‘siqlar va korrupsiogen holatlarni bartaraf etishga qaratilgan maqsadli choralar ko‘rildi.
Davlat organlarining nazorat-tekshiruv vazifalari maqbullashtirildi. Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish tizimi takomillashtirildi. Ular faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakillik instituti joriy qilindi.
Savdo-sanoat palatasi tizimi tubdan isloh etildi, davlat aktivlarini boshqarish tizimi ham takomillashtirildi.
Davlat xaridlarining mutlaqo yangi tizimi yo‘lga qo‘yilib, sohada oshkoralik, shaffoflikni ta’minlash, pirovardida korrupsiyaning oldini olish maqsadida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Soliq tizimini yanada takomillashtirish, iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirish maqsadida joriy yil yangi tahrirdagi Soliq kodeksi amalga kiritildi. Unga muvofiq, soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Soliqlarni to‘lash muddatini uzaytirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berish bo‘yicha yengillashtirilgan mexanizmlar joriy etildi.
2019-yilda budjet ma’lumotlarining ochiqligini yanada oshirish maqsadida budjet mablag‘larining shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishning yangi tartibi belgilandi hamda ilk bor Davlat budjeti qonun tarzida qabul qilindi.
Uchinchidan, davlat xizmatlarini taqdim etish va ma’muriy taomillarni tartibga solishning huquqiy va institutsional asoslari takomillashtirildi.
Xususan, ma’muriy va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, ro‘yxatga olish, ruxsat etish va litsenziyaga doir tartib-taomillarni soddalashtirish hamda ularning tezkorligini oshirish maqsadida barcha hududlarda 201 ta davlat xizmatlari markazi ochildi.
Hozirgacha ushbu markazlar tomonidan aholiga 120 ta davlat xizmatlari ko‘rsatib kelinayotgan bo‘lsa, 2020-yildan markazlar orqali 160 dan ortiq shaffof, qulay va tezkor davlat xizmatlarini ko‘rsatish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida 2019-yil 9-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlariva tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, joriy yildan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining 11 turdagi vakolati tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalariga o‘tkazildi.
Shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining 5 turdagi vakolati chiqarib tashlandi.
To‘rtinchidan, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri sohada korrupsiyaga barham berish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilganida namoyon bo‘lmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi maqsad va vazifalari aniqlashtirildi. “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi, “Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Shuningdek, chinakam mustaqil sud hokimiyatini shakllantirish, uning nufuzini oshirish hamda sudyalar mustaqilligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi, sudyalarni tanlash, tayinlash tizimi takomillashtirildi.
Sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorligini oshirish maqsadida Sudyalar oliy kengashi va Oliy sudning tomonidan qo‘shma qarori bilan sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Beshinchidan, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan xalqchil tamoyil asosida barcha pog‘onadagi mansabdor va mas’ullarning odamlar ichiga kirib borish, ularning muammolarini uyma-uy yurib hal etish tizimining joriy etilgani korrupsiyaga qarshi kurashishda o‘zining samarasini bera boshladi.
Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish uchun xalq qabulxonalari, Prezident portali hamda davlat organlari va tashkilotlarining ishonch telefonlari joriy qilindi.
Oltinchidan, jamiyatda parlamentning, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining mavqei kuchaytirilib, ularga davlat hokimiyati idoralari faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini ta’minlash bo‘yicha keng vakolatlar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mitalar tashkil etilgani ushbu sohada samarali parlament nazoratini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, tuman va shahar Kengashlari tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy komissiyalar tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida parlament nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qo‘shma qaror qabul qilindi.
Yettinchidan, normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishning huquqiy asoslari takomillashtirildi.
Eng muhimi, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiya omillarini keltirib chiqarayotgan tizimli muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan 30 ga yaqin qonun, 100 ga yaqin Prezident va Hukumat qarorlari qabul qilindi.
Mahalliy ekspertlar, qolaversa, xalqaro jamoatchilik tomonidan e’tirof etilayotganidek, bunday choralar qisqa muddatda o‘z samaralarini bera boshladi.
Jumladan, Transparency International xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan 2019-yil bo‘yicha e’lon qilingan “Korrupsiyani qabul qilish indeksi” reytingida O‘zbekiston 5 o‘rin yuqoriga ko‘tarildi.
Dunyodagi nufuzli nashrlardan biri – The Economist jurnali O‘zbekistonni 2019-yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat — “Yil mamlakati” deb e’tirof etdi.
Ayni paytda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qo‘lga kiritilgan yutuqlardan ko‘ra hali qilinadigan ishlar ko‘p.
2017—2019-yillar davomida 6 127 nafar mansabdor shaxsning jinoiy javobgarlik masalasi hal qilinganligi ham korrupsiyaga qarshi kurashish ahvoli bugungi kun talabiga javob bermasligini ko‘rsatmoqda.
O‘z navbatida, birgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning kuchi bilan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda ijobiy natijalarga erishib bo‘lmasligi sir emas.
Avvalo, keng jamoatchilikning korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabati shakllanishi zarur.
Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, korrupsiyaga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qanchalik harakat qilmasin, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz bo‘lmas ekan, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatmas ekan, bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz. Bu illat bilan nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, balki har bir jamoa jiddiy kurashishi kerak.
Albatta, bu mashaqqatli, biroq, amalga oshirishimiz mumkin va shart bo‘lgan vazifadir. Zotan, 2019-yilda “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda ishtirok etganlarning 86,6 foizi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishgan. Demak, jamoatchilik korrupsiyaga qarshi kurashda davlat organlariga ko‘maklashishga tayyor.
Binobarin, prokuratura organlari uchun Murojaatnomadan kelib chiqadigan ustuvor vazifalardan biri ham – bu so‘zsiz, korrupsiya illatiga qarshi kurash samaradorligini oshirishdir.
Yuqorida qayd etilganidek, keyingi uch yil davomida davlatimiz rahbarining tashabbus va g‘oyalari, amaliy sa’y-harakatlari natijasida bu illatni tag-tomiri bilan yo‘q qilish borasida katta qadam qo‘yildi.
Biroq, tan olish kerakki, shuncha sharoit va imkoniyatlarga qaramasdan, jamiyatning bu balodan tamomila xalos bo‘lishiga erishilmayapti.
Ayniqsa, ba’zi soha va tarmoqlarda korrupsiyaga qarshi qo‘llanayotgan va shu tizimlarning yuqori idoralari tomonidan belgilangan chora-tadbirlar kutilgan natijani bermayapti.
Bosh prokuratura tomonidan yaqinda sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim tizimlaridagi, shuningdek yerdan foydalanishdagi korrupsiya holatlari tahliliga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirlardan xabaringiz bo‘lsa kerak.
Biz ushbu yo‘nalishlardagi korrupsiyaviy holatlarni aniq tahlillar, fakt va raqamlar asosida muhokama qildik, mas’ullarga, xususan prokuratura organlariga tegishli qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdik.
Biroq, e’tirof etish kerakki, davlatimiz rahbarining bu borada Murojaatnomada ilgari surgan tashabbuslari hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Xususan, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali inson omilini kamaytirish korrupsiyani yo‘qotishda ham katta samara beradi.
Yana bir muhim jihat shundaki, endi sud orqali insonlarning huquqi tiklanganini e’tirof etish bilan cheklanib qolmasdan, nima sababdan sudgacha bo‘lgan tergov jarayonida inson huquq va erkinliklari buzilgan, degan savolni ham ko‘ndalang qo‘yadigan, tazyiqlar uchun javob beradigan vaqt keldi.
Bu ham, avvalo, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning o‘zida korrupsiyaga barham berishning eng muhim omillaridandir.
Ayni paytda parlament va Prezidentga hisob beradigan, korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul bo‘ladigan alohida organ tashkil etish tashabbusi davlat boshqaruvidagi tariximizning yangi sahifasiga asos soldi.
Zero, jahonning ko‘plab barqaror va taraqqiy etgan mamlakatlarida ham korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha alohida organlar davlat va jamiyat ravnaqiga katta hissa qo‘shmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi barcha yo‘nalishlar qatori korrupsiyaga butkul chek qo‘yishning ham yangi istiqbollarini ochib berdi.
Bu tarixiy imkoniyatdan oqilona foydalanib, davlat va jamiyat ravnaqiga hissa qo‘shish baxtiga, pirovardida xalqimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishiga erishish barchamizning hamkorlikdagi harakatlarimizga, shijoatimiz va fidoyiligimizga bog‘liqdir.
Izoh (0)