Otabek Nuritdinov taxallusi ostida tanilgan andijonlik bloger Abdufatto Nuritdinov 14-yanvar kuni kechqurun ozodlikka chiqdi. Bu haqda “Gazeta.uz” blogerning advokati Umidbek Davlatovga tayanib xabar bermoqda. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, bloger dastlab yangi tug‘ilgan o‘g‘li va rafiqasini ko‘rish uchun tug‘uruqxonaga borgan.
2019-yilning 30-dekabr kuni Asaka tumani hokimi Erkinjon Yoqubov, tumandagi 39-maktab direktori Muhayyo Isoqova, Andijon viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Furqat Buzrukov, shuningdek, “Suvoqova” korxonasining tuman bo‘limi rahbari Bahodir Qahhorov bloger ustidan shikoyat qilgan edi.
Arizalar shu kunning o‘zida ichki ishlar organlari tomonidan ko‘rib chiqilib, ish qo‘zg‘atilgan, tergov o‘tkazilgan va ish sudga oshirilgan edi. Andijon viloyati ma’muriy sudi Abdufatto Nuritdinovni tuhmat, haqorat va mayda bezorilikda aybdor deb topgan hamda unga 15 kunlik qamoq jazosini tayinlagan edi.
Sudda Abdufatto Nuritdinov o‘ziga qo‘yilgan ayblovni tan olmagan hamda o‘z shaxsiy fikri haqorat qiluvchi va davlat organlari vakillari sha’nini toptovchi emas, deb hisoblashini aytgan. Shuningdek, bloger 30-dekabr kuni hech kimni haqorat qilmaganini ham ta’kidlagan edi.
4-yanvar kuni Andijon viloyati ma’muroy sudining kassatsiya instansiyasi blogerning shikoyatini rad etgan va 30-dekabrdagi qaror o‘zgarishsiz qoldirilgan edi. Andijonlik bloger ishiga munosabat bildirarkan, AOKA rahbari Komil Allamjonov tuhmat va haqorat uchun qamoq jazosini imkon qadar tezroq bekor qilish zarurligini ta’kidlagandi.
Bloger o‘z postlarida asosan Asaka shahridagi mansabdorlar faoliyatidagi ehtimoliy korrupsion faktlar, budjet mablag‘larini o‘g‘irlash va talon-toroj qilish holatlari haqida yozgan.
Izoh (0)