Turkmaniston va Eron o‘rtasidagi chegara-o‘tkazish postlari 8-yanvardan boshlab yopildi. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ashxobod shahri yaqinidagi Bajgiran, Etrek qishlog‘i yaqinidagi Etrek punkti hamda Sagart va Artiq chegara-o‘tkazish postlari uch kundan buyon yuk va odamlarni, shu jumladan Eronga tibbiy maqsadlarda bormoqchi bo‘lgan kishilarni o‘tkazmayapti.
Erondan oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar yetkazib beruvchi mayda savdogarlarning xabar berishicha, chegarachilar chegara postlarining yopilishi bo‘yicha aniq sabablarni ham, punktlar qachon ochilishini ham ayta olmayapti.
Bajgiran bojxona punkti ofitserlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, bu AQSh va Eron o‘rtasidagi taranglik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
AQSh va Eron o‘rtasidagi keskinlik AQSh tomonidan Eronning eng nufuzli generali Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgach kuchaydi. Bunga javoban Eron 8-yanvar kuni AQShning Iroqda joylashgan ikkita harbiy bazasiga raketa zarbalari berdi. O‘z navbatida, AQSh raketa zarbalariga javvoban, Eronga nisbatan yangi sanksiyalarni joriy qildi.
Izoh (0)