Buyuk Britaniyaning Yevroittifoqdan chiqish haqidagi qarori mamlakat iqtsodiyotiga 132.8 milliard funt sterlingga (173,8 milliard dollar) tushdi. Bu haqda Bloomberg Economics ma’lum qildi.
Agentlik tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda Buyuk Britaniyaning katta yettilik mamlakatlaridan 2016—2019-yillarda qanchalik orqada qolgani taqqoslangan.
Qayd etilishicha, tarixan Buyuk Britaniya iqtisodiyot katta yettilik malakatlaridan ortda bo‘lgan, biroq Brexit haqidagi qaror bu farqni kuchaytirib yuborgan. Ayni paytda mamlakat iqtisodiyoti “yettilik” a’zolari bilan taqqoslaganda o‘z imkoniyatidan uch foizga pastroq darajada turibdi.
Bloomberg’ning prognozlariga ko‘ra 2020-yilning oxiriga borib, Buyuk Britaniyaning Brexit’dan ko‘radigan yo‘qotishlari qiymati 203 milliard funt sterling yoki 265 milliard dollarni tashkil qiladi.
Buyuk Britaniya parlamentining quyi palatasi 9-yanvar kuni Yevroittifoqdan chiqish haqidagi qonun hujjatini ma’qulladi. Endi hujjat parlamentning yuqori palatasi tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak. Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning vakili Lordlar palatasini qonun loyihasining qabul qilinishiga qarshilik qilmaslikka chaqirdi. Avvalroq, Yevroittifoq Brexit’ni 2020-yilning 31-yanvarigacha kechiktirishga rozilik bildirgan.
Izoh (0)