DXX xodimlari Toshkent viloyati hududida yana bir noqonuniy xatti-harakatga chek qo‘ydi, deb xabar berdi O‘zA.
Ma’lum bo‘lishicha, mahalliy fuqaro M.D. ko‘p vaqtdan buyon Angren va Olmaliq shaharlari yaqinidagi yopiq shaxtalardan noqonuniy qazib olingan oltinni andijonlik N.U.ga sotib kelgan.
M.D. navbatdagi oltin quymalarni N.U.ga uning qarindoshi T.M. orqali berib yuboradi. T.M. boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomashina Andijon shahriga kirib kelgan vaqtida to‘xtatilib, tekshirilganda 1 kilogramm 476 gramm og‘irlikdagi oltin quymalar, shuningdek, 14 ming AQSh dollari va 8,9 million so‘m borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tergovoldi surishtiruv ishlari vaqtida T.M. oltin quymalarni N.U.ning iltimosiga ko‘ra M.D.dan 63 ming AQSh dollariga sotib olganligini bildirdi.
Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib N.U. ushlandi va zargarlik buyumlari yasab, sotish maqsadida muqaddam M.D.dan oltin quymalarni sotib olganligini tan oldi.
Aniqlangan barcha holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga muvofiq, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)