Buxoroda jamoat joylariga maishiy chiqindilarni tashlaganlarni jarimaga tortish boshlandi. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Buxoro viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining mutaxassis va inspektorlari tashabbusi hamda viloyat IIB hamda Buxoro televideniyesi xodimlari bilan hamkorlikda Buxoro shahridagi Markaziy dehqon bozorida pista po‘chog‘i, sigareta qoldiqlari, shu bilan birga, turli maishiy chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlayotgan fuqarolar orasida tushuntirish ishlari va reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Reyd davomida huquqbuzar fuqarolarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasi (“Sanitar tozalash infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish bo‘yicha talablarni buzish”) 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining yarim barobari hisobida (111 500 so‘m) ma’muriy jarima qo‘llanildi.
Avvalroq Tashkent City xiyobonida pista po‘chog‘ini yerga tashlagan kishi jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)