“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qonunga muvofiq, ba’zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan 20 ga yaqin qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, prokuratura organlari xodimlari ishining o‘ziga xos tomonlaridan kelib chiqqan holda 20 yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga 15 kalendar kun qo‘shimcha ta’til beriladi.
Shu bilan birga, endilikda prokuratura organlari xodimlariga ilmiy, pedagogik va ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat etiladi (ilgari ular ilmiy, o‘qituvchilik va ijodiy faoliyat bilan faqat asosiy ishdan bo‘sh vaqtda shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan).
Bundan tashqari, Soliq kodeksiga tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tadbirkorlar manfaatlarini ko‘zlab ma’muriy sudga berilgan ariza (shikoyat) yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod qilinishiga oid norma kiritildi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti lavozimiga kirishganidan keyin imzolagan birinchi qonuni “O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun edi.
Izoh (0)