O‘zbekiston Milliy gvardiyasi Harbiy-musiqa akademik litseyini tashkil etish to‘g‘risida O‘zbekiston Prezidentining qarori muhokamaga qo‘yildi.
Hujjatga ko‘ra, Milliy gvardiyaning Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi negizida O‘zbekiston Milliy gvardiyasi Harbiy-musiqa akademik litseyi ochiladi.
Unda umumiy musiqa bo‘yicha bilimlarning boshlang‘ich asoslari o‘rgatiladi hamda damli va zarbli cholg‘ular ijrochiligi yo‘nalishida yetuk kadrlarni tayyorlanadi. Bu orqali O‘zbekiston Qurolli Kuchlari harbiy orkestrlari uchun malakali kadrlar rezervi shakllantiriladi.
Qaror loyihasida ta’kidlanishicha, 2020-yil 1-yanvardan boshlab Harbiy-musiqa akademik litseyida xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning pul ta’minotiga ularning lavozim maoshining 50 foiziga teng miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.
Harbiy-musiqa akademik litseyining ishchi va xizmatchilariga O‘zbekistonda mavjud akademik litseylarning tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash miqdorlari va shartlari qo‘llaniladi hamda ular qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquq va imtiyozlardan foydalanadi.
Shuningdek, Harbiy-musiqa akademik litseyi bitiruvchilariga O‘zbekiston oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdoridagi, respublikaning boshqa davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda esa o‘zlari to‘plagan ballarning 15 foizi (shu jumladan ijodiy imtihonlar) miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz beriladi.
Izoh (0)