Rejissor Zulfiqor Musoqovning “Osmondagi bolalar” filmidagi Hamdam roli bilan mashhurlikka erishgan aktyor Muzaffar Sa’dullayev “Daryo” internet-nashriga eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni jurnalist Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Foto: “Daryo”

Muzaffar Sa’dullayev suhbat davomida ma’lum bir muddat kinodan uzoqlashib ketib, tunukachilik bilan shug‘ullangani sababi haqida gapirib berdi.

2014–yildan 2018-yilning yoziga qadar to‘rt yildan ortiq vaqt mobaynida, Chorsuda “Jar”ning orqasida hunarmandlarning rastasi bor, o‘sha yerda tunukachi bo‘lib faoliyat yuritganman. Hozirgi vaqtda ham hunarmandlar uyushmasiga a’zoman.

Odamda shunaqa bir vaqt bo‘larkan, nimadandir ko‘ngil to‘lmas ekan, nimadandir norozi bo‘lib, kechib ketib, tanaffus qilishga to‘g‘ri kelar ekan. O‘shanaqa bir davrda tunukachilik qildim.

U vaqtda ‘O‘zbekfilm’da tekshiruvlar bo‘ldi. ‘O‘zbekfilm’da deyarli 30 yil ishlagan inson, fojeali holatda olamdan o‘tib qoldilar. Agar bunaqa holat bo‘lsa kinoda ishlamayman dedim. Chunki yoninggizda har kuni birga yurgan, syomkalarda birga ishlab yurgan odam fojeali holatda olamdan o‘tsa juda ham og‘ir botar ekan.

Kasal bo‘lib yoki avariya holat bo‘lib olamdan o‘tsa tushunsa bo‘ladi, ammo bunaqa fojeali holatda olamdan o‘tsa, odamga juda ham qattiq ta’sir qilar ekan.

Menga to‘g‘risi, ruscha aytganda ‘moralniy’ deydiku, asabimga juda yomon ta’sir qildi. Sog‘ligimni yo‘qotib qo‘ydim, yuragim sabab shifoxonada o‘n kun yotib chiqdim, keyin yana yotib davolanishimga to‘g‘ri keldi. Xullas o‘sha voqealar sabab kinodan uzoqlashib ketgan edim.

Muzaffar Sa’dullayev, aktyor, “Inson” kinostudiyasi rahbari