Andijon viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va mutasaddi idoralar xodimlari 17-oktabr, payshanba kuni Telegram’dagi “Boroda” kanaliga “Andijonda piyoda e’tirozi: Piyodalar yo‘l belgilarini kim qo‘ygan bo‘lsa ham yo‘lni o‘rtasigayam qo‘ysin, mana shu joyda 4 marta YTH sodir bo‘libdi” sarlavhasi ostida joylashtirilgan videomurojaatdagi vaziyatni o‘rganib chiqdi, deb xabar beradi IIV axborot xizmati.
Aniqlanishicha, Andijon shahrining Furqat ko‘chasida joylashgan bolalar shifoxonasi oldidagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidagi 5.16.1 va 5.16.2 yo‘l belgilari hamda 1.14.1 va 1.14.2 yotiq yo‘l chiziqlari davlatlararo standartlar (GOST-23457-86) talablariga muvofiq.
“Yo‘l harakati qoidalari”ning 91-bandida “Piyodalar o‘tish joylarida va ulardan oldin 5 metrdan kam masofa qolganda to‘xtash taqiqlanadi” deb bayon qilingan. Ushbu video murojaatdagi 5.16.1 va 5.16.2 yo‘l belgilari ko‘rinmayotganligiga sabab, piyodalar o‘tish joyida va ulardan oldin 5 metrdan kam masofa qolganda transport vositasi to‘xtab turganligida.
“Hozirda Andijon viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan Andijon shahrining Furqat ko‘chasida joylashgan bolalar shifoxonasi oldidagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyiga fuqarolar tomonidan avtomashinalarni qo‘yib olish holatlariga barham berish va ularning oldini olish choralari qo‘rilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)