Prezident maktablarida imkoniyati cheklangan o‘quvchi-bolalar uchun ham alohida sharoit yaratilgan. Bu haqda 16-sentabr kuni Toshkent shahrida joylashgan Prezident maktabi direktori To‘raboy Shermatov maktabda bo‘lib o‘tgan mediaturda aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.

Eslatib o‘tamiz, Prezident maktablari Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 20-fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatda iqtidorli yoshlarni o‘qitish tizimini yaratish hamda kelgusida ularda rahbarlik va yetakchilik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

Ilk Prezident maktabi Toshkent shahrida ish boshladi. Ayni paytda Namangan, Nukus va Xivada Prezident maktablarining qurilish va jihozlash ishlari yakunlanmoqda.

Prezident maktabiga kirish imtihonlari

Prezident maktablariga 2019—2020-o‘quv yili uchun imtihonlar Namangan, Nukus, Xiva va Toshkentda ikki bosqichda bo‘lib o‘tgan. Dastlab, saralash imtihonlarida qatnashish uchun 28 ming 452 nafar o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Saralash bosqichi imtihoni natijalariga ko‘ra, 12 mingga yaqin o‘quvchi asosiy imtihonlarda ishtirok etishni qo‘lga kiritgan. Har bir maktabga 144 o‘quvchi qabul qilingan (har bir sinfda 24 o‘quvchi). Sinovlar “Cambridge Assessment International Education” mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan.

O‘quv jarayoni

Prezident maktabi internat sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Ya’ni, o‘quvchilar 5 kun davomida maktab hududida (kampusda) yashab, o‘qiydi. O‘quvchilar uchun barcha talablarga javob beruvchi yotoqxona tashkil etilgan. Dam olish kunlari ota-onalar farzandlarini uyga olib ketishlari mumkin.

O‘quvchilar bepul maktab formasi va ovqat bilan ta’minlanadi. O‘quv xonasida har bir bola uchun alohida kompyuter ajratilgan. O‘qituvchilarga qulay bo‘lishi uchun o‘quv xonalariga ham elektron, ham oddiy doska sifatida foydalanish imkonini beruvchi va qo‘shimchasiga kompyuter vazifasini bajaruvchi doskalar o‘rnatilgan.

O‘quv jarayoni “STEAM – ta’lim” dasturi (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiyalar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — san’at, Mathematics — matematika) bo‘yicha olib boriladi. Ushbu yo‘nalishdagi darslar ingliz tilida o‘tadi. Ayni payta maktab STEAM metodologiyasi bo‘yicha darslik va o‘quv qo‘llanmalar bilan ta’minlangan.

“STEAM – ta’lim” dasturiga kiruvchi darslarni mahalliy va xorijdan kelgan o‘qituvchi olib boradi. Mahalliy o‘qituvchi dars davomida o‘quvchilar uchun tushunmovchiliklar bo‘lsa, unga oydinlik kiritishga ko‘maklashadi. Bu o‘z navbatida mahalliy o‘qituvchilarni xorijiy tajribaga ega mutaxassis bilan malaka almashinuvida yordam beradi. Bolalarning qiziqishlari va xususiyatlariga qarab, o‘quv jarayonini individualizatsiya qilingan holda o‘tkazish mumkin.

Kanadaning “Teachaway” hamda Buyuk Britaniyaning “TIC Recruitment” rekruting kompaniyalari bilan hamkorlikda maktabga 30 nafar chet ellik mutaxassis tanlab olingan. Shuningdek, 72 nafar tajribali va malakali mahalliy o‘qituvchi ham jalb etildi. Ularning barchasi uch bosqichli maxsus imtihondan o‘tkazilgan. O‘qituvchilarga maktab yotoqxonasida yashashlari uchun alohida xonalar ajratilgan.

Toshkent shahridagi Prezident maktabiga 2019—2020-o‘quv yili uchun 5—10-sinfga o‘quvchilar qabul qilingan. Kelgusi o‘quv yili uchun faqat 5-sinfga o‘quvchilar qabul qilish rejalashtirilgan.

Maktabda ona tili va adabiyoti, tarix, geografiya fanlari o‘zbek tilida olib boriladi.

Imkoniyati cheklangan o‘quvchilarga qulaylik yaratish maqsadida maktab hududida erkin harakatlanish uchun lift va alohida moslashtirilgan yotoqxona xizmati joriy etilgan.

O‘quvchilarni jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari bilan shug‘ullunishlariga mini futbol, basketbol, volleybol maydoni mavjud. Yopiq suzish havzasi, basketbol va volleybol sport zallari o‘quvchilar ixtiyorida. Maktabning umumiy maydoni 2 gektarni tashkil etadi.

Bitiruvchilar belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida xorijiy oliy o‘quv yurtiga kirish imkonini beradi.

Cambridge Assessment International Education vakillari tomonidan mahalliy va xorijiy mutaxassislar uchun Cambridge o‘quv dasturlari asosida maxsus treninglar o‘tkazildi.

Prezident maktablarining dastlab cheklangan miqdorda tashkil etilishi ushbu muassasalarni boshqarish uchun yangi modelni sinab ko‘rish zarurati bilan bog‘liq. Sinovdan so‘ng, Prezident maktablari 2020-yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida, 2021-yilda Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qurish rejalashtirilgan.