Facebook’dagi “Xalq fikri” guruhida Andijon viloyati Baliqchi tumanidan ayollarning videomurojaati joylashtirildi.
Videoda tumandagi katta avtomobil yo‘liga turib olgan “Ochlik e’lon qilamiz” yozuvlarini ko‘targan sakkiz ayol, bir erkak va ikki bolakay tasvirlangan.
Norozilik bildirayotgan ayollar: “Biz Prezident bilan gaplashamiz. Bugundan boshlab ochlik e’lon qilamiz va ko‘chada tunaymiz. Kerak bo‘lsa asfaltga yotib olib, mashina ostiga o‘zimizni tashlaymiz. Hammamiz jonimizdan to‘ydik. Va’dalardan zerikdik, Baliqchi tumani hokimligi bizni bir yildan beri aldab kelmoqda. Kompensatsiya pulimizni undirib berishsin”, — deb o‘z gaplarini bayon qilgan.
Yig‘ilganlar nomidan asosiy norozilikni qolganlarga nisbatan yoshi kattaroq bo‘lgan onaxon bildiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Baliqchi tumanida odamlarning uylari buzilgan va tuman hokimligi bir yildan beri ularga kompensatsiya to‘lamay kelmoqda. Fuqarolarni yosh bola qilib aldashyapti va ularning arizalari javobsiz qoldirilmoqda. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, bankdan kelgan mutasaddilar odamlarni urib, so‘kib uylaridan haydab chiqardi.
Izoh (0)