AQSh xavfsizlik arxivi Chernobil AESda 1986-yilda yuz bergan halokat haqidagi amerikalik razvedkachilarning birinchi maxfiy hisobotini e’lon qildi. “RBK”ning xabar berishicha, unda reaktor portlashi oqibatida halok bo‘lganlarning taxminiy soni keltirilgan.
Hisobot 1986-yilning 2-mayida Morton Abramovits tomonidan AQSh davlat kotibi nomiga yuborilgan. U paytda bu lavozimni Jorj Shuls egallagan. Unda ilmiy hamjamiyat rasmiy ma’lumotlarda aytilganidek, tabiiy ofat oqibatida faqat 2 kishining halok bo‘lganini “safsata” deb topgan.
Abramovitsning hisob-kitoblariga ko‘ra, kunduzgi ish vaqtida RBMK—1000 reaktorida qariyb 100 kishi bo‘lgan. Kechasi u yerda taxminan 20—25 nafar xodim ishlashi kerak bo‘lgan.
“Uchinchi va to‘rtinchi energiya bloklari bir-biriga yaqin joylashganligi sababli to‘rtinchi blok yaqinida kunduzi taxminan 200 kishi va kechasi 70 nafargacha odam bo‘lgan”, — deydi Abramovits.
Abramovitsning aytishicha, portlash vaqtida reaktor yaqinida kamida 100 nafar odam bo‘lgan. Vayrongarchilik suratlariga qaralganda, to‘rtinchi blok yaqinida bo‘lganlarning barchasi xavfli radiatsiya nurlanishidan voqea joyining o‘zida halok bo‘lgan.
Hujjat Boris Yelsin davridagi Prezident kengashining sobiq a’zosi Alla Yaroshinskaya va u haqidagi kitobning chiqarilishi munosabati bilan chop etilgan. Bundan tashqari, kundalikka yozilgan ma’lumotlar, KPSS markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi yig‘ilishlari hisobotlari va boshqa materiallar keltirilgan.
Mavzuga doir: Tarixdagi eng yirik AES halokatlari
Izoh (0)