Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev “Qirg‘iziston 21-asrda inqilob o‘tkazish limitini tugatdi”, degan fikrda. “Kommersant”ning yozishicha, bu haqda u Qirg‘izistonga kelganida sobiq prezident Almazbek Atambayev qarorgohiga qilingan hujum va undan keyin yuzaga kelgan uning tarafdorlari va maxsus kuchlar to‘qnashuviga munosabat bildirganida aytgan.
“Bunday vaziyatlar mamlakatda siyosiy va iqtisodiy beqarorlikka olib keladigan bo‘lsa, bu mamlakatda yashaydigan ko‘plab odamlar uchun jiddiy zarba bo‘ladi. Shu jumladan, hatto bizning Yevrosiyo loyihamizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, — degan u 9-avgustda Yevrosiyo hukumatlararo kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadigan Cho‘ponotada.
Eslatib o‘tamiz, 7-avgust kuni kuchishlatar tuzilmalar korrupsiyada ayblangan Almazbek Atambayevni qo‘lga olishga uringan. Ammo bu urinishlar uning tarafdorlari bilan to‘qnashuvga aylanib ketgan. Yuzlab namoyishchilar Atambayev qarorgohini aylanma shaklda qurshab olib, mudofaa qilgan va maxsus kuchlarga qarata tosh otgan.
To‘qnashuv oqibatida 52 kishi jabrlangan, 1 nafar maxsus kuchlar xodimi halok bo‘lgan. Atambayev 8-avgust kuni o‘zi kuchishlatar tuzilmalar xodimlariga taslim bo‘ldi.
Izoh (0)