25-iyul sanasida Wood Mackenzie Consulting kompaniyasi jahon bo‘yicha joriy yilda ishga tushirilishi kutilayotgan Quyosh elektr stansiyalarining umumiy quvvati haqida hisobot e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2019-yil so‘ngiga qadar dunyo bo‘yicha jami 114,5 gigavatt fotoelektr Quyosh stansiyalari ishga tushirilar ekan. Ushbu hajm tarixan rekord ko‘rsatkich bo‘lishi kutilmoqda. Kompaniya tahlil-hisobotida, jumladan, “2018-yilgi turg‘unlik muvaqqat hodisa bo‘lib chiqdi; 2020-yildan boshlab esa yiliga o‘rtacha 125 GVt quvvat ishga tushirilishi kutilmoqda”, deyiladi.
Joriy yil uchun ijobiy prognoz asosan Yevropa Ittifoqi hududidagi o‘sish tendensiyalari, xususan, ko‘p jihatdan Ispaniya hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Quyosh stansiyalarining yirik quvvatlari AQSh, Hindiston, Vyetnam, Misr hamda BAAda foydalanishga topshirilmoqda. Qaysiki mamlakat yiliga kamida 1—5 GVt Quyosh elektr stansiyasi ishga tushirsa, u jahondagi umumiy o‘sish tendensiyasiga ta’sir qilgan bo‘lishi haqida hisobotda alohida urg‘u berilgan. Hozirda jahonda sakkizta mamlakat shunday quvvatdagi Quyosh energetikasini foydalanishga topshirmoqda. 2022-yilga borib bunday mamlakatlarning umumiy soni 19 ta bo‘lishi taxmin qilingan va ular qatoriga Saudiya Arabistoni, Tayvan hamda Fransiyaning Quyosh energetikasi bozorlari qo‘shilishi inobatga olingan.
Atom energetikasidan farqli o‘laroq, Quyosh energiyasidan foydalanish sohasi subsidiyalarga emas, balki auksionlarga asoslangan holda o‘smoqda. Qayta tiklanadigan energiya manbalari bozori ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarda juda istiqbolli ko‘rinmoqda va ulardagi turli loyihalarda jami 90 GVt quvvatga mo‘ljallangan stansiyalarni barpo qilish maqsadida tenderlar o‘tkazilgan. Bu o‘tgan 2018-yilga nisbatan deyarli 10 foizga ko‘p ko‘rsatkichdir.
Aytish joizki, Wood Mackenzie keltirgan 114,5 GVt ko‘rsatkich anchayin ehtiyotkorlik bilan olingan raqam ko‘rinadi; chunki aynan shunday tahlillarni yuritgan boshqa bir tashkilot — Solar Power Europe’ning hisobotida 2019-yil yakuniga ko‘ra, dunyoda jami 128 GVt Quyosh energetikasi quvvatlari ishga tushirilishi keltirilgan edi. Boshqa bir konsalting firmasi — Energy Trend esa ayni ko‘rsatkichni 125 GVt deb baholagan.
Muzaffar Qosimov
Izoh (0)