“Dunyo go‘zali” tanlovining sobiq ishtirokchisi bo‘lgan avstraliyalik qizga chegarachilar Bali orolidan uchib ketishga yo‘l qo‘ymadi.
“RIA Novosti”ning yozishicha, 26 yoshli Tegan Martin pasportiga zarar yetgani uchun Denpasaradan uchib keta olmagan. Pasportning bir burchagida suv to‘kilganidan qolgan kichik dog‘ borligi aniqlangan.
Tegan o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida pasportining shu qismi suratini joylab, hujjat ozgina shikastlanganini ko‘rsatgan. U mamlakatdan qachon chiqib keta olishi hozircha noma’lum. Chunki endi hujjatini yangilashi kerak.
Denpasara aeroportida yaqin vaqtdan buyon qat’iy qoida amal qilmoqda. Agar chegara tekshiruvida yo‘lovchi pasportiga ozgina bo‘lsada shikast yetgani aniqlansa, uni samolyotga qo‘ygan va orolga olib kelgan aviakompaniya 5 000 dollar jarimaga tortiladi.
Bu pasporti shikastlangan yo‘lovchining Bali aeroportidan uchib ketishiga birinchi marta rad etilishi emas. Avvalroq 9 yoshli qizining pasporti shikastlangani uchun sayyoh o‘z uyiga qayta olmagan.
Izoh (0)