Maktablar qadimdan dunyoning barcha hududlarida bo‘lgan. U yerda xat-savod va o‘sha davrga xos fanlar o‘rgatilgan. Bizga qadar darsliklar, shuningdek, o‘quvchilarning mashqlari saqlanib qolgan. Lekin ular haqida ko‘p yozilgan. Yanada qiziqroq material o‘quvchilarning maktublaridir. Bunday hujjatlar ham saqlangan bo‘lib, ularda o‘quvchilarning kundalik tashvishlari, muammolari va shaxsiy fikrlari aks etgan.
Quyida Mesopotamiya (Iroq), Iskandariya (Misr), Oksford (Angliya) va Buyuk Novgorod (Rossiya) maktab o‘quvchilarining ta’limga bo‘lgan muhabbati va hayot qiyinchiliklari haqidagi yozuvlarini o‘zbek tilida taqdim etamiz.
Iddin-Suen, mesopotamiyalik yigitcha
Iddin-Suen, chamasi, mansabdor shaxsning o‘g‘li bo‘lgan va yirik saroyda tahsil olgan. Xat loydan yasalgan kichkina sopol bo‘laklariga mixxat bilan yozilgan. Xat bolakayning onasi – Zinaga matnni ovoz chiqarib o‘qishi lozim bo‘gan kotibga murojaat bilan boshlanadi. Xatdan, shuningdek, Zina uyda xo‘jalik ishlarini boshqarganini va, yigitchaning maktabdagi mavqeiga qaraganda, boy oilaning farzandi ekanini anglash mumkin.
“Zina xonimga ayt, – deydi Iddin-Suen. – Onajon, seni Shamash, Marduk va Ilabrat xudolari men uchun sog‘-salomat va eson-omon asrasin. Boshqa bolalarning kiyimlari yildan-yilga bashanglashib bormoqda. Sen esa har yili mening kiyimlarim yanada kamtarona bo‘lishi uchun harakat qilasan. Sen qat’iylik bilan kiyimlarim oddiy va kam bo‘lishini talab etasan. Uyimizda jun gazlamalar taxlam bo‘lib yotgan bo‘lsa-da, kiyimlarim sifatiga e’tibor qaratmaysan. Otamning ishchisi Adsad-Iddinam o‘g‘liga hozirgina ikki xil kiyim sovg‘a qildi, sen bo‘lsang menga bitta yangi kiyim olishga qarshilik qilasan. Sen meni dunyoga keltirgan vaqtda onasi uni asrab olgan, lekin sen meni onasi uni sevganchalik yaxshi ko‘rmaysan”.
Iskandariyalik o‘smir, Rim davridagi Misr
Antik davrda notiqlar maktabida asosan nutq tuzish va so‘zlash o‘rgatilgan. Yoshlar notiqlik san’atini o‘rganish uchun ustoz topishi va ta’lim pulini to‘lashi lozim bo‘lgan. Quyidagi papirusda yozilgan maktub nafis usulda bitilishiga maktab o‘z ta’sirini ko‘rsatgan: maktubdagi ko‘p ifodalar yunon nutqidan olingan; uning uslubi filologlar, o‘qituvchi va sofistlarnikiga o‘xshaydi. Xat jo‘natishda buklab qo‘yilgan va orqasida manzil yozilgan – “Nil bosh kohiniga”. Chamasi, kohin o‘smirning otasi – Feon bo‘lgan.
“Hurmatli otam – Feonga salomlar bo‘lsin. Teatrda yuz bergan hodisa senga aloqador emasligini xabar qilib, bizni tashvishdan xalos etding. Men Nil bo‘ylab suzishga shoshib ketayotganimda Yaratgan egamga qattiq ishondim, lekin bu shijoatim evaziga nimaga erishdim? Axir men filolog izlash jarayonida ta’limda muvaffaqiyatlarga erishish uchun shaharda na ustoz Xeremon, na Didim, umid qilganim Arastu o‘g‘lini ham topa olmadim; faqatgina no‘noq notiqlar qoldi, ularning qo‘lida ta’lim olganlar faqatgina iqtidorni bo‘g‘ishi mumkin. Men senga, shuningdek, Filoksen va uning odamlariga ushbu masalani hal etishi haqida murojaat etib yozgan edim. Ular menga o‘zlariga ma’qul bo‘lgan nomzodni ko‘rsatdi, biroq sen uni shu zahoti rad etding. Uning bilim darajasi mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini aytding. Men Filoksenga fikringni yetkazganimda u qo‘shildi, sofistlar yetishmovchiligi tufayli bu shaharga achinishini, shuningdek, Didim kelganini aytdi; aftidan, uning o‘z maktabi bor va ular do‘stona munosabatda. Shuningdek, u boshqa narsalar haqida ham qayg‘urishini ham aytib, Apolloniyning o‘g‘illarini, Gerodning o‘g‘lini Didimning mashg‘ulotlariga borishga ko‘ndirdi. Ular ham Filoksen bilan birga o‘sha vaqtda tajribali o‘qituvchi qidirgan. Chunki ular ilgari borgan filolog dunyodan o‘tgan ekan. Men agar o‘qituvchi nomiga mos ustoz topa olsam, Didimni uzoqdan bo‘lsa ham ko‘rishni istamagan bo‘lar edim. Chunki qishloqda ta’lim bergan bu kishi boshqalar bilan raqobatlashishga qaror qilganidan afsusdaman. Vaziyatdan kelib chiqadigan bo‘lsam, agar o‘qituvchidan hech qanday bilim o‘rganmaydigan bo‘lsam, pulni havoga sovurgan bo‘laman va faqat o‘z kuchimga tayanaman. Sen bu haqda nima deb o‘ylaysan, fikringni tezroq bayon etib javob yoz. Bu yerda yonimda Didim bor va, Filoksenning aytishicha, u menga imkoni boricha yordam beradi va doim xizmatimga tayyor. Bundan tashqari, Posidoniy va boshqa notiqlarni tinglab balki nimagadir erisharman, xudo qo‘llasa”.
Rim davridagi Britaniyada yashagan o‘quvchi
Angliyaning shimol tomoni, Rim forti – Vindolandada topilgan lotincha bitiklar yupqa yog‘och taxtachaga siyohda yozilgan. Jami ikki mingga yaqin shunday yozuv topilgan. Taxtachaning bir tomonida maktubdan parcha aks etgan, boshqa tomonida esa Vergiliyning “Eneida”sidan bir satr bitilgan. Shoir Vergiliy ijodidan Rim dunyosida boshlang‘ich o‘qish va yozishni o‘rganishda foydalanishgan. Shunga ko‘ra, olimlar yozuvni Rim harbiy oilasining o‘quvchisi yozgan deya taxmin qiladi.
“Marhamat… iltimos… iltimos, aziz birodarim.
Qanotlarini yozib titrab uchdi…”
Oksford talabasi
O‘rta asrlarda talabalar lotin yozuvida ota-onalariga pul so‘rab murojaat qilgan maktub namunasi. Maktub to‘rt qismdan iborat bo‘lib, ritorik usulda yozilgan: kirish, hikoya, iltimos va xulosa. Ehtimol, bunday rasmiy maktub faqatgina ota-onalar bilan shaxsiy yozishma bo‘lmay, uydan moddiy yordam so‘rashning muloyim tarzda ifodalanishidir. Maktub so‘nggida Terensiyning “Mahram” hajviyasidan parcha keltirilgan, biroq xat muallifi aqllilik bilan muhabbat ma’budasi Venera hamda Apollonni san’at va bilim himoyachisi kabi tavsiflagan. Oksfordda talabalar 14 yoshdan boshlab ta’lim olgan.
“B. hurmatli janob A.ga salomlar yo‘llaydi. Maktubim bilan sizlarga shuni ma’lum qilamanki, men Oksfordda butun ishtiyoqim bilan o‘qimoqdaman, biroq pul muammosi istiqbolimga to‘sqinlik qilmoqda. Siz menga ikki oy avval yuborgan pulning oxirgi qismini sarflayapman. Azim shaharning talablari ham katta; men yashash uchun uy ijaraga olishim kerak, zarur narsalarni xarid qilishim va hozir aniq misol keltirolmaydigan boshqa xarajatlar uchun mablag‘ zarur. Shuning uchun otamdan iltimos qilaman, faqatgina sizning marhamatingiz bilan boshlagan ta’limimni muvaffaqiyatli yakunlashim mumkin. Axir o‘zingizga ma’lum, Serera va Baxussiz Apollon muzlab qolgan bo‘lardi. Shuning uchun siz boshlagan ishim yaxshi yakunlanishi uchun harakat qilishingizga umid qilaman. Salomat bo‘ling”.
Onfim, novgorodlik bola
6–7 yoshdagi Onfim degan bolakay qayin po‘stlog‘ida alifboni mashq qilgan, o‘qish va yozishni o‘rgangan, shuningdek, suratlar chizib, ostiga izohlar qoldirgan, Zaburdan iqtiboslar yozgan. Qayin po‘stlog‘idan u mashq daftari sifatida foydalangan. Qadimgi Rusda bu material qog‘ozning o‘rnini bosgan.
Shunday mashqlardan birida Onfim o‘zining va qandaydir jonivor rasmini chizgan. Po‘stloqning narigi tarafida alifbo yozilgan.
Manba: Arzamas