Andijon tumanida viloyat IIB va tuman Xalq qabulxonasi tomonidan sayyor qabul o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo”ga IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qabul davomida 52 nafar fuqaroning arizasi ko‘rib chiqildi. Murojaatlarning aksariyat qismi uy-joy masalasi, bolalarni nafaqa puli bilan ta’minlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, kommunal xo‘jaligi, bandlik, kredit va pasport olish borasidagi muammolardan iborat. Ular hokimlik, boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari ishtirokida o‘rganib chiqildi va aksariyati joyida yechimini topdi.
Jumladan, 10 ta ehtiyojmand oilaga gaz ballonlari berildi. Ish izlab kelgan 3 nafar ayolning bandligi ta’minlangan bo‘lsa, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish istagidagi 6 kishiga tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashildi. 3 nafar imkoniyati cheklangan shaxsning murojaati bo‘yicha nogironlik aravachasi va eshitish moslamalari tarqatildi.
Shuningdek, mahallalarni asfaltlash va shag‘allash, suv va tabiiy gaz ta’minoti masalalari borasidagi muammolarni xal etish borasida chora- tadbirlar belgilandi.
Tuman hokimligi tomonidan kam ta’minlangan oilalarga 200 ming so‘mdan 500 ming so‘mgacha moddiy yordam pullari taqdim etildi. Sayyor qabul davomida kelib tushgan murojaatlar yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, ijrosi tegishli ma’sullarga yuklatildi.
Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasida qatnashgan 30 nafar ishsiz fuqaroning 12 nafariga doimiy ish o‘rinlariga yo‘llanma berildi.
Izoh (0)