2019-yil 21-aprel soat taxminan 05:30 da tuman markazidan o‘tuvchi Marjonbuloq—Zarmitan—Qo‘shrabot yo‘lining 108 kilometrda haydovchi A.J. Qo‘shrabot tuman IIB YHXG katta inspektori J.Mamitovga tegishli bo‘lgan Nexia rusumli avtomobilni boshqarayotib, chorrahada to‘xtab turgan M.Y. boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomashinaga urilgan. Bu haqda Qo‘shrabot tuman prokurori adliya maslahatchisi D.A.Kubayev “Daryo”ga xabar berdi.
Ushbu holat yuzasidan haydovchi A.J. o‘z tushuntirish xatida 2019-yil 21-aprel soat 5 larda inspektor J.Mamitov yashash uyiga kelib, tumandagi sel oqimi kuchli bo‘layotganligini, ushbu joyda harakat xavfsizligini ta’minlashi kerakligini, u charchaganligini aytgan. Shu sababli, u ispektorning mashinasini boshqargan va kuchli sel ta’sirida Lacetti avtomashinasiga urilgan.
Ushbu hodisada hech kim tan jarohati olmagan.
Haydovchi M.Y. ham tushuntirish xatida hech kim tan jarohati olmaganini, haydovchi A.J. mashinani ta’mirlattirib berishini aytgani uchun u bilan kelishib, ustaxonaga ketganini aytgan.
Mazkur holat yuzasidan hozirda tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)