O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 25-aprel kuni Pekin shahrida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan ham uchrashdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Prezidentlar keyingi yillarda sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilgan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligi rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning aniq masalalari muhokama qilindi. O‘zaro savdo hajmini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan kelishuvlar ijrosi ham ko‘rib chiqildi.
O‘tgan yil O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari rivojida tarixiy yil bo‘lgani, o‘zaro davlat tashriflari natijasida u strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani alohida qayd etildi.
Bu boradagi ishlar natijasida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi sezilarli oshib, hududlararo va gumanitar aloqalar mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini ta’kidladi.
Izoh (0)